Gollivud filmlari tufayli ko‘pchilikka ma’lumki, politsiya gumonlanuvchi odamni hibsga olish vaqtida shunday iborani aytadi: «Siz sukut saqlashga haqlisiz. Aytganlaringizning hammasi sudda o‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin. So‘roq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasangiz, davlat tomonidan advokat bilan ta’minlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”. Filmlardagi mazkur epizod Amerika Qo‘shma Shtatlarning ijtimoiy va huquqiy hayotidagi qonuniy talab - Miranda qoidasini ko‘rsatib beradi.
Xo‘sh, Miranda qoidasi o‘zi nima? uning tarixi va mazmuni qanday? Yuqorida aytganimizdek, Miranda qoidasi – AQSHdagi qonuniy talab. Biroq, filmlardagidan farqli ravishda, huquqlar gumonlanuvchi hibsga olinayotganda emas, so‘roqdan oldin o‘qiladigan, gumonlanuvchiga uning huquqlari haqida ma’lumot berilishi lozim bo‘lgan majburiy qoidadir.
Bu mashhur iboraning tarixi Ernest Arturo Miranda ismli AQSH fuqarosining nomi bilan bog‘liq. Miranda 1941 yil 9 martda Arizona shtatining Mesa shahrida tug‘ilgan ispaniyalik retsidivist. O‘z vaqtida uni ota-onasi va o‘qituvchilari «tarbiyasi qiyin bola» deb ta’riflagan. Sakkizinchi sinfda u kichik jinoyat sodir yetgan va to‘qqizinchi sinfda o‘g‘irlik uchun hibsga olingan va bir yil davomida Arizona shtatidagi O‘g‘il bolalar sanoat maktabiga joylashtirilgan. Ozodlikka chiqqanidan keyin u bir oy o‘tib yana yangi jinoyatga qo‘l urgan.
Mana shunday hayot tarziga ega bo‘lgan Miranda 1966 yili jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, hibsga olingan va so‘roq qilinishdan oldin uning gumondor sifatidagi huquqlari o‘qib eshittirilmagan.
Miranda o‘z huquqlarini bilmagan holda so‘roq jarayonida qo‘yilayotgan ayblovlarga iqrorlik ko‘rsatmasini bergan va sudda ushbu ko‘rsatmadan isbot sifatida foydalanilgan. Buni noqonuniy ekani uni himoya qilayotgan Alvin Mur ismli 73 yoshli advokat tomonidan aniqlanib, sud jarayonida u himoyasidagi shaxsning huquqlari tushuntirilmagani, shuning uchun ham aybiga iqrorlik ko‘rsatmasi hamda qonunbuzarliklar bilan olingan boshqa dalillar sud ishdan olib tashlanishi kerakligini ta’kidlagan. Garchi birinchi instansiya sudi advokat Murning dalillariga ishonmagan bo‘lsada, keyinchalik 1966 yil 13 iyunda AQSH Oliy sudi Mirandaning huquqlari buzilgan, deb topgan va undan iqrorlikni olib tashlagan holda ishni qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. Shundan so‘ng Amerika politsiyasida so‘roqdan oldin hibsga olinganlarning huquqlarini o‘qishi to‘g‘risida majburiy tartib joriy qilinib, mazkur qoida «Miranda qoidasi» sifatida atala boshlangan.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda «Miranda qoidasi» inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlar hamda ko‘plab davlatlar konstitutsiyasi va qonunlariga umume’tirof etilgan norma sifatida kirib borgan. Masalan, Fransiya qonunchiligiga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olinib so‘roq qilinayotgan shaxsga hibsga olishning maksimal muddati, qarindoshlari yoki ish beruvchini hibsga olingani haqida xabardor qilish huquqi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yuridik maslahat olish huquqi haqida ma’lumot berilishi zarur.
Avstraliyada «Miranda qoidasi» mahalliy tilda «Jim turish huquqi» deb ham ataladi va unga ko‘ra gumonlanuvchiga so‘roqdan avval “Agar xohlamasangiz, biror harakat qilishingiz yoki aytishingiz shart emas. Har qanday so‘zlaringiz yoki harakatlaringiz dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, deya ma’lumot beriladi va undan “Hamma narsani tushundingizmi?» deb so‘raladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, odatda ayblanuvchilarning atigi 4-9 foizi sukut saqlash huquqidan foydalanadi.
Rossiya Federatsiyasida agar shaxs gumon qilinuvchi sifatida jalb qilingan bo‘lsa, u bu haqda yozma ravishda xabardor qilinishi va xabarnomada ushbu shaxs gumon qilinayotgan aniq jinoyatning tavsifi bo‘lishi hamda xabarnoma topshirayotganda tergovchi gumon qilinuvchiga uning ushbu moddada ko‘rsatilgan huquqlarini tushuntirishi shart. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga ko‘ra gumonlanuvchida advokatga bo‘lgan huquqni va guvohlik berishni rad yetish huquqi mavjud. Mazkur huquqiy me’yorlarni ma’lum darajada «Miranda qoidasi»ning muqobili, deb hisoblash mumkin bo‘lsada amalda, gumonlanuvchiga huquqlari bo‘yicha tushuncha berish so‘roq bayonnomasini imzolash vaqtiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz huquq tizimida ham «Miranda qoidasi» rioya etilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida sukut saqlash huquqi belgilangan. Mazkur moddaga muvofiq, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha aytganda, «Miranda qoidasi» qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday ko‘rsatma bermaslik huquqi shaklida o‘z ifodasini topgan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasidan tashqari, 46- va 48-moddalarida ham shaxs o‘ziga qo‘yilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish yoxud ko‘rsatmalar berishdan bosh tortishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur moddalar bo‘yicha gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi ko‘rsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqiga ham ega.
Mamlakatimizda ham xuddi «Miranda qoidasi»dagidek gumonlanuvchi o‘z advokati bilan bog‘lanishi yoki advokat yollashga imkoniyati bo‘lmasa, davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqidan foydalanishi mumkin.
Shu o‘rinda milliy qonunchiligimizda mohiyatan «Miranda qoidasi» mavjud bo‘lsa, nima uchun Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitutsiyamizga «Miranda qoidasi» kiritish taklifi ilgari surildi? degan savol bo‘lishi tabiiy.
Mazkur savolga qisqacha javob beradigan bo‘lsak, «Miranda qoidasi» amaldagi milliy qonunchiligimizda to‘la aks etgan, lekin, uning mazmuni Jinoyat-protsessual kodeksi moddalariga orasida «sochib» yuborilgan. Mazkur qoida birinchi navbatda inson huquqiga daxldorligi uchun ham u yaxlit holda hamda konstitutsiyaviy darajaga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Jamiyatda «Miranda qoidasi»ni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi birinchi navbatda fuqarolarni mazkur qoidadan xabardor bo‘lish imkoniyati kengaytirishi barobarida, amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Mazkur yo‘nalishdagi huquqiy islohotlarning barchasi ijtimoiy hayotda inson qadri, xalq manfaatlarini amalda ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Mamatkulov Davlatjon Maxamatjonovich
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti