Miranda qoidasi Oʻzbekiston qonunchiligida mavjudmi?
Konstitutsiyamizga koʻra, barcha fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Qonun va qoidalar insonlar uchun mustahkam bir himoya boʻlib, har bir insonning oʻz fikrini emin-erkin ifoda qilishida, oʻz haq-huquqlarini talab etishida, hammaning tengligini taʼminlab, burch va masʼuliyatlarini bajarishida bamisoli qalqon boʻlib xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizga koʻra, barcha fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart. Shu bilan birga, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Xalqaro huquqda va har bir davlatda inson huquqi va erkinliklari, shaxsning sud va tergov organlaridagi himoyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan koʻplab tarixiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, AQSH jinoyat olamida oʻziga xos jinoyatlarni sodir etgan Ernest Arturo Miranda nomi bilan bogʻliq “Miranda qoidasi” ham ana shunday hujjatlar qatoriga kiradi.
Gap shundaki, AQSHning Arizona shtati politsiyasi ashaddiy jinoyatchi E.Mirandani 1966-yili bir necha ogʻir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilib, hibsga olgan. Unga soʻroq qilinishdan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari tushuntirilmagan.
Shu bois, E.Miranda oʻz huquqlarini bilmagan holda, aybiga iqrorlik koʻrsatuvlarini bergan. Bu koʻrsatuvlardan esa uning iqrorligiga isbot sifatida foydalanilgan. Buning oqibatida E.Miranda sudlangan va hukm etilgan.
Keyinchalik E.Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur tomonidan AQSH Oliy sudiga shikoyat taqdim etilgan. Natijada, E.Miranda oʻz huquqlaridan xabardor qilinmaganligi sababli sudning bu hukmi AQSH Oliy sudi tomonidan bekor qilingan.
Sud qarori tufayli yuzaga kelgan mazkur yuridik norma dastlab AQSH sud amaliyotida “Miranda huquqlari” deb yuritilgan. Soʻng esa xalqaro huquqda “Miranda qoidasi” nomini olgan.
“Miranda qoidasi” talabiga koʻra, endilikda hibsga olingan shaxsga u soʻroq qilinishidan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari quyidagi mazmunda tushuntiriladi.
Yaʼni: “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda oʻzingizga qarshi foydalanilishi mumkin. Soʻroq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasangiz, davlat tomonidan advokat bilan taʼminlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”
Oʻz navbatida, “Miranda qoidasi” Oʻzbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligida qanday aks etgan, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu haqda fikr yuritganda, birinchidan, sukut saqlash huquqi haqida toʻxtalish lozim.
Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksning 23-moddasiga muvofiq, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday koʻrsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslangan.
Sukut saqlash huquqi, yaʼni oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuvlar berishdan bosh tortish huquqi Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasida qatʼiy kafolatlangan.
Ushbu modda talabiga koʻra, gumon qilinuvchi zimmasiga koʻrsatuv berish, shuningdek oʻzining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
Ikkinchidan, milliy qonunchiligimizda mustahkamlangan shaxs tomonidan aytilgan har bir soʻz yoki xatti-harakat sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilish huquqi bilan “Miranda qoidasi” mazmunan oʻzaro yaqindir.
Jinoyat-protsessual kodeksning 46-moddasiga asosan, shaxs oʻzining koʻrsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlishi va nimada ayblanayotganligini bilish huquqiga egadir. Shuningdek, mazkur moddada shaxsga oʻzining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi kafolatlangan.
Kodeksning 46 va 48-moddalariga koʻra, shaxs, yaʼni ayblanuvchi yoki gumondor oʻziga qoʻyilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuvlar berish yoxud koʻrsatuvlar berishdan bosh tortishga haqlidir. Shuningdek, u koʻrsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish huquqiga ega.
Uchinchidan, milliy qonunchiligimizda kafolatlangan advokatga murojaat qilish huquqi bilan “Miranda qoidasi” oʻrtasida ham oʻzaro oʻxshashlik mavjud.
Jinoyat-protsessual kodeksning 46-moddasiga muvofiq, shaxs ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisidagi qaror unga maʼlum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish huquqiga ega hisoblanadi.
Toʻrtinchidan, milliy qonunchiligimizda ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsga oʻz advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qoʻngʻiroq qilish imkoni berilishi kafolatlangan.
Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasiga muvofiq, shaxs qamoqqa olinganligi va turgan joyi toʻgʻrisida advokatga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish, shuningdek himoyachiga ega boʻlish huquqiga ega.
Beshinchidan, milliy qonunchiligimiz talabiga asosan, agar ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsning advokat yollashga imkoniyati boʻlmasa, u davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqidan foydalanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksning 50-moddasiga binoan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining iltimosiga koʻra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini taʼminlaydi.
Shuningdek, ular bu shaxsni yuridik yordam uchun toʻlovdan batamom yoki qisman ozod etishga haqlidir. Bunday hollarda advokat mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda davlat hisobidan qoplanadi.
Boshqacha aytganda, “Miranda qoidasi” Oʻzbekistonning amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligida toʻlaligicha aks etgan. Bu, oʻz navbatida, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik imkonini beradi.
Shuningdek, bunday shaxslarning himoyaga boʻlgan huquqi ular ushlangan paytdan boshlab taʼminlanadi. Natijada bularning barchasi tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yana-da oshishiga va inson huquqlarni soʻzsiz taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Akrom Aripov,
Oliy sud katta konsultanti.