Butun dunyoda turizm eng serdaromad soha hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda keyingi yillarda ko‘plab istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, bu o‘lkamizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimining yanada ko‘payishiga xizmat qilmoqda.
Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. Davlatimiz rahbarining 2023 yil noyabrdagi tegishli qaroriga asosan viloyatning Shahrisabz tumanida “Shahrisabz” va Qamashi tumanida “Maydanak” baland tog‘ turistik markazlarini tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
“Shahrisabz” turistik markazi uchun tumandagi so‘lim tabiatli, tog‘ bag‘rida joylashgan Miraki mahallasi tanlab olingan.
Qaror ijrosi doirasida hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tgan yilning o‘zida hududda osma ko‘prik, selfi maydonlari va ziplayn tashkil etildi. “Hisorak” suv ombori hududida katerlarda sayohat xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshishiga zamin yaratdi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil davomida viloyatga 550 ming nafar xorijiy va 2 million nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, shundan 50 ming nafar xorijiy va 420 ming nafar mahalliy sayyohlar aynan Shahrisabz tumaniga tashrif buyurgan.
Turizm mahallasi nomiga sazovor bo‘lgan Miraki mahallasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar tahsinga loyiq. Zamonaviy mehmonxonalar, shinam xostellar, dor yo‘llari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari barcha-barchasi xorijiy tajriba asosida barpo etilmoqda.
– Ikki yil oldin kelgandim Mirakiga, bugun kelib shaharchani umuman tanimay qoldim, – deydi Qarshi tumanilik Madina Pardayeva. – Ayniqsa, “Hisorak” suv ombori atrofidagi ko‘ngilochar maskanlar kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Oilaviy maza qilib aylanyapmiz.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Shahrisabz” va “Maydanak baland tog‘” turistik markazlarini rivojlantirish hamda boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashkil etildi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, Turizm departamenti nazorati ostida tijorat banklari hamda tadbirkorlik sub’ektlari loyihalari muntazam monitoring qilib borilmoqda hamda xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, “Shahrisabz” turistik markazi hududida ikkita 300 o‘rinli mehmonxona, 300 o‘rinli 1 qavatli 3 ta xostel hamda 1 ta restoran, sport zal hamda bolalar maydonchasi qurilishi olib borilmoqda va ishlar ayni paytda yakuniy pallaga kirgan. Shuningdek, savdo va ko‘ngilochar komplekslari va restoranlar loyihasiga asosan 2 qavatli bino qurib bitkazilgan. Qurilish ishlari 60 foizga bajarilgan. Hozirda binoning ichki devorlari terilmoqda.
Bundan tashqari, “Shahrisabz” turistik markazi hududidan dor yo‘li, avtoturargoh, zamonaviy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish majmuasini tashkil etish belgilangan lot uchun 1,3 gektar yer maydoni auksion orqali xarid qilingan. Bugungi kunda dor yo‘li uchun yer ishlari hamda 7 ta ustunda qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ushbu yirik loyihalarning barchasi tijorat banklari buyurtmachiligida amalga oshirilmoqda va kelgusida tadbirkorlik sub’ektlariga sotiladi.
– “Shahrisabz” turistik markazi hududida master-rejaga asosan 10 kilometr uzunlikda salomatlik, piyodalar va velo yo‘laklar qurish ishlari olib borilishi ham belgilangan, – deydi Qashqadaryo viloyat hokimligi huzuridagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori o‘rinbosari Javohir Tojiyev. – Bugungi kun holatida Miraki mahallasini oralab oqib o‘tgan daryoning har ikki tomonida 9 ming 750 metr uzunlikda piyodalar va velo yo‘lak, 9 ming 102 metr uzunlikda yo‘lak panjaralari, 500 dona tungi yoritish chiroqlari, 2 ta 11 ta ustunli aleya qurilish ishlari bajarilgan. Daryo bo‘ylab 3 ta 20 metrlik ko‘prikdan 2 tasi, 2 ta 35 metrlik ko‘prikdan 1 tasi va 1 ta 44 metrlik ko‘priklar o‘rnatildi.
Turizm mahallasining qayta chiroy ochishida mahalliy tadbirkorlarning ham o‘rni katta. Jumladan, Shahrisabz tumanida turistik markaz tashkil etish uchun 240 gektar yer maydoni tanlangan bo‘lsa, shundan 81,07 gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqarish uchun 30 dan ortiq lotlarga bo‘lingan. Master-reja bo‘yicha 17 ta lot (21,2 gektar) “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirilgan. Shundan 12 ta lot (16,8 gektar) yer uchastkalari auksion savdolarida 11 milliard 172 million so‘mga savdoga chiqarilgan bo‘lib, 15 milliard 671 million so‘mga tadbirkorlarga sotilgan. Master-rejaga muvofiq, 12 ta lotning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi va qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.
Albatta turistik markazga investorlarni jalb etish uchun eng avvalo tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yetkazib berish, ko‘chirish hamda zarur infratuzilmani yaratish kerak bo‘ladi. Shu bois Miraki mahallasiga olib boruvchi yo‘llar talab doirasida mukammal ta’mirlanmoqda. Elektr ta’minoti yaxshilanmoqda.
[gallery-21677]
– “Miraki” mahalla fuqarolar yig‘inida kommunikatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan hozirgi kungacha 125 dona temir beton ustunlar olib kelindi, – deydi Shahrisabz tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Yashnar Vasiyev. – 15 kilometr havo liniyasini almashtirish uchun sip-kabellar ham olib keltirilgan. Hozirgi kunda eskirgan elektr ustunlarni yangisiga almashtirish, havo liniyalarini tortish ishlari olib borilmoqda. Mahallaga qo‘shimcha 1 dona 160 kValik transformator ham o‘rnatilib ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, Miraki mahallasi yaqin bir ikki yilning ichida sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari