“MiningMetals Uzbekistan-2026”: 18 mamlakatdan 162 ta kompaniya ishtirok etmoqda
Bugun Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuasida “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik - MiningMetals Uzbekistan - 2026” 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va boshqalar so‘zga chiqib, tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va metallurgiya iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizning boy mineral-xomashyo zaxiralari, yirik kon-metallurgiya korxonalari va sanoat salohiyati sohani yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bugungi kunda ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, uskunalarni modernizatsiya qilish, resurslardan samarali foydalanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “MiningMetals Uzbekistan-2026” kabi xalqaro ko‘rgazmalar ilg‘or tajriba almashish, yangi texnologiyalar bilan tanishish va istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydondir.
Bu galgi ko‘rgazmada O‘zbekiston, Avstraliya, Belarus Respublikasi, Eron, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy kabi 18 ta mamlakatdan 162 ta kompaniya va brend o‘z imkoniyatlarini taqdim etmoqda.
“Portlatishsanoat” AJ vakili Alisher Xarboyevning ta’kidlashicha, bugungi kunda tog‘-kon metallurgiya sohasi uchun tizimli injiniring yo‘nalishida ishlar olib borilmoqda.
– Biz nafaqat injiniring, balki elektrod tizimlarini ham O‘zbekistonda ishlab chiqarish ustida ishlayapmiz. Natijalar esa juda yaxshi. Boshqa korxonalar ham mahsulotlarimizga qiziqish bildirmoqda. Kelgusida mamlakatimizdagi faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Avval ham ko‘rgazmalarda ishtirok etganmiz, biroq bu yilgi tadbir yangi imkoniyatlarni taqdim etdi, – dedi u.
[gallery-32196]
Ko‘rgazmada konchilik va boyitish texnikasi, metallurgiya va metallsozlik uskunalari, mineral xomashyoni tashish va qayta ishlash yechimlari, shuningdek, raqamlashtirish, avtomatlashtirish va sanoat xavfsizligini ta’minlash texnologiyalari namoyish etilmoqda.
“Corus Eurasia Group” kompaniyasi ta’sischisi Elnar Zamaliyevning ta’kidlashicha, korxona 1997-yilda Rossiya Federatsiyasida o‘z faoliyatini boshlagan. 2024-yilda esa O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan.
– Biz maydalash-saralash uskunalari va yo‘l qurilishi texnikasi savdosi hamda servis xizmatlarini ko‘rsatamiz. Biz SANY va NFLG brendlarining rasmiy dileri va eksklyuziv vakili hisoblanamiz. SANY yo‘l qurilishi texnikasi, beton uskunalari va asfalt-beton zavodlarini taklif etsa, NFLG mobil va statsionar maydalash-saralash uskunalariga ixtisoslashgan. Kompaniyamiz mazkur ko‘rgazmada uchinchi yil ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi esa yangi hamkorlar topish, samarali uchrashuvlar o‘tkazish, shartnomalar tuzish va O‘zbekiston bozoridagi faoliyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan, – dedi E.Zamaliyev.
Uch kun davom etadigan ushbu ko‘rgazma va xalqaro forum mamlakatimiz sanoat salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, zamonaviy texnologiyalarni ommalashtirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va tog‘-kon metallurgiya sohasida yangi istiqbollarni belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA