Shu yilning 20-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan mini-futbol sport turi bo‘yicha “Muftiy sovrini – 2025” musobaqasi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, hududiy vakilliklar, jamoalarning murabbiy va a’zolari, taniqli jurnalistlar, futbol faxriylari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilliklari tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar o‘rtasida mini-futbol, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘zida birlashtirgan. Natijada har bir hududda g‘olib bo‘lgan jamoalar Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bellashuvlar FIFAning mini-futbol qoidalari asosida o‘tkazildi. Har bir jamoa tarkibi 5 nafar asosiy (darvozabon bilan) va 4 nafar zaxiradagi o‘yinchi va 1 nafar murabbiydan tashkil topdi. Musobaqa nim chorak final, chorak final, yarim final va final bosqichlarida o‘tdi.
Final uchrashuvi Toshkent shahridagi Yunusobod sport majmuasida tashkil etildi. Murosasiz kechgan o‘yinni futbol shaydolari olqishlar ila kuzatib borishdi. Asosiy vaqtda jamoalar 4:4 hisobida durang qayd etishdi. G‘olib jamoa penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi 4:2 hisobda mutlaq chempion bo‘ldi.
G‘olib jamoa a’zolarining har biriga medal va noutbuk taqdim etildi. Namangan jamoasiga zamonaviy televizor, Samarqand jamoasiga planshet topshirildi. Shuningdek, barcha o‘rin sohiblariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari berildi.
Mazkur sport musobaqalari jamiyatimiz, xususan, imom-xatiblar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishi barobarida islom axloqini mustahkamlash va soha xodimlari o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhini kuchaytirishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GF08-wTuOhY" title="Mini-futbol bo‘yicha muftiy sovrini" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Hamroz Bayonov, O‘zA