Mingyachevir regatasida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi
Ozarbayjonda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Mingyachevir regatasi» xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
Bu yilgi regata ikkinchi marotaba Fizuli shahridagi “Kendalanchay” suv omborida start oldi. Musobaqaning keyingi ikki kunlik bahslari Mingyachevir shahridagi «Kyur» Olimpiya o‘quv-sport markazida davom etdi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda akademik eshkak eshish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan bahslarda 12 mamlakatdan 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Unda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Chexiya, Gruziya, Vengriya, Qirg‘iziston, Latviya, Litva, Moldova, Tojikiston, Turkiya va Ukraina vakillari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rin O‘zbekiston terma jamoasiga nasib etdi. Jumladan, baydarka va kanoeda eshkak eshish bahslarida sportchilarimiz 7 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Akademik eshkak eshishda esa vakillarimiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 9 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza — jami 18 ta medal bilan yakunladi.
Umumjamoa hisobida mezbon Ozarbayjon terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Ularning baydarka va kanoeda eshkak eshishdagi natijasi 6 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza, akademik eshkak eshishda esa 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni tashkil etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA