Minglab qal’alar zaminida xalqona an’analar jamlangan
Xorazm o‘zining ulug‘ o‘tmishi, afsonaviy bunyodkorligi hamda yorqin kelajagi bilan barcha davrlarda dunyo nigohida bo‘lgan. Bugun ushbu maskanni bir bor ko‘rishni jazm qilgan sayyoh uning latofatini osongina unuta olmaydi.
Xorazm deganda, avvalo, Ichan qal’aning jozibasi ko‘ngillarni tortgan bo‘lsa, bugun u yerda yana bir noyob majmua – “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi sayyohlar oqimini yanada oshirmoqda. Majmua qadim kent ichra betakror shaharga aylandi, unda moziy va bugunning shukuhi jamlandi. Bu maskan yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega.
Turkmanistoning milliy aviakompaniyasi “Turkmenistan Airlines” tomonidan nashr etiladigan “Lochin” bort jurnalining so‘nggi sonida O‘zbekistonning bebaho durdonasi Xorazm viloyati haqida maxsus maqola e’lon qilindi.
“Xorazm minglab qal’alar zamini” sarlavhasi ostida ingliz, rus va turkman tillarida chop etilgan maqolada havo yo‘lovchilarini qadimiy shaharlar, afsonaviy qal’alar, noyob me’moriy yodgorliklar va xalqona an’analar olamiga chorlaydi. Qardosh millat vakillari tomonidan bosilgan jurnalda Xiva shahrining betakror va bebaho tarixiy yodgorliklari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, mazali taomlari hamda mehmondo‘stlik qadriyatlari keng tasvirlangan, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi ma’lumotida.
Mazkur maqola minglab xalqaro yo‘lovchilarni Xorazmga tashrif buyurishga ilhomlantirib, hududning turizm salohiyatini boy tarixiy va madaniy merosini dunyo miqyosida yanada targ‘ib etadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA