Minglab kasbdoshlari orasidan tanlangan “Yil o‘qituvchisi”
Motivatsiya! O‘qituvchilik hayotdagi eng ulug‘, eng zarur, eng sharafli va shu bilan birga, mashaqqatli va savobli kasblardan. Ustoz-murabbiy zoti borki, ular tufayli insoniyat ongu tafakkuri shakllanadi, boyitiladi, butun borliq, olamning sir-asroridan voqif bo‘linadi.
Murg‘ak qalblarning ongi-shuuriga ilk saboqlarni singdirish, ilk bor harflarni tanitib, hayot va tabiat haqidagi tasavvurlarni uyg‘otishda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mehnati va mashaqqati alohida o‘ringa ega. Har bir insonning hayotida, uning jamiyatda o‘rin topishida, qaysidir kasb-hunarga qiziqishida birinchi ustozining hissasi muhim.

Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, bu yil birinchi bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblaridan biri - Marhabo Saydullayeva ham jajji bolajonlarning ilk savodini chiqarishga bel bog‘lagan, yosh va g‘ayratli, fidoyi ustozlardan.

— Pedagoglik sohasida 10 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapman, — deydi “Yil o‘qituvchisi” Marhabo Saydullayeva. — Bu vaqt mobaynida mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan pedagoglarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda bir qator yutuqlarga erishdim. Xususan, attestatsiya jarayonlarida ishtirok etib, oliy toifa hamda 70 foizlik ustamaga ega bo‘ldim. Vazir jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamani qo‘lga kiritdim. O‘z yo‘nalishimda milliy sertifikatga ega bo‘lib, 50 foizlik ustamaga ham ega bo‘ldim. 2021-yilda mamlakatimiz mustaqilligi arafasida “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu yil esa “Yil o‘qituvchisi” tanlovida qatnashib, mutlaq g‘olib bo‘ldim va 616 million so‘m mukofotni qo‘lga kiritdim.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovi 3 bosqichda tashkil etilib, birinchi saralash bosqichida 46 mingdan ziyod pedagoglar orasidan 624 nafari, ya’ni har bir tumandan eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 nafar pedagog saralab olindi. Ikkinchi bosqichda pedagoglarning o‘z fani bo‘yicha dars o‘tish mahorati sinovdan o‘tkazildi hamda hakamlar va pedagoglar tomonidan baholandi. Unda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 2 nafar ishtirokchi oxirgi bosqichda qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdik.
So‘nggi bosqichda pedagoglarning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish bo‘yicha qilgan ishlari hamda kitobxonligi sinovdan o‘tkazildi. Yakuniy natijaga ko‘ra yuqori ballni qo‘lga kiritib, g‘oliblik nasib etdi.

Ta’kidlashim lozimki, so‘nggi yillarda biz - pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, keng imkoniyat va imtiyozlar berilayotgani bizga yanada katta kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlayapti. O‘z kasbimizdan faxrlanish hissini yanada oshirmoqda. Ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganim esa menga yangi kuch, motivatsiya berdi, — deydi Marhabo Saydullayeva.
Darhaqiqat, bugun jamiyatda o‘qituvchi kasbining maqomini, obro‘sini oshirish, ularning mehnatini qadrlash davlat siyosati darajasidagi masalaga aylandi. Ana shunday g‘amxo‘rlik va hurmat-ehtirom Marhabo Saydullayeva singari ustoz hamda murabbiylarga yangi marralarni egallashga shijoat bag‘ishlamoqda.

Marhabo Saydullayeva o‘tgan o‘quv yilida Prezidentimiz tashabbusi bilan Turkiya davlatida malaka oshirib qaytdi. Uning o‘quvchilari o‘z yoshi doirasida turli fan olimpiadalari va tanlovlarda ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Boshlang‘ich sinf bitiruvchilari orasida “Jasorat” maktabi va turli ixtisoslashgan maktablarga o‘qishga kirgan o‘quvchilar talaygina.

Bugun “Yil o‘qituvchisi” degan sharaf, minglab kasbdoshlari orasidan tanlangani, davlatning e’tibori Marhabo Saydullayevani o‘z kasbida yanada mahoratli bo‘lishga, bundan-da yuksak marralarni zabt etishga chorlamoqda. Kelajagimiz egalariga ilk saboqlarni berish, ularning ilk savodini chiqarishdek mashaqqatli kasbning fidoyisi bo‘lish esa har bir pedagogdan katta mahorat hamda vatanparvarlikni talab etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA