Mingbuloqqa yangi hokim tayinlandi
Tayinlov
Xalq deputatlari Mingbuloq tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi. Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.

Viloyat rahbari keyingi yillarda Mingbuloq tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, islohotlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tahlil qildi. Deputatlar Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Nurmamatovich Xudoyberdiyevni lavozimidan ozod etish, hamda Ahror Ahmadaliyevich Mansurovni Mingbuloq tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarini bir ovozdan tasdiqladi.
Ahror Mansurov 1988 yilda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. 2013 yili Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2013 yilda Mingbuloq tumani davlat notarial idorasida notarius yordamchisi sifatida boshlagan. Faoliyati davomida Namangan viloyati adliya boshqarmasi, Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida turli mas’ul vazifalarda hamda Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish olib borgan. Yangi tayinlovga qadar, ya’ni 2022 yil mart oyidan buyon To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Sessiya yakunida, tumanning yangi tayinlangan hokimi Ahror Mansurov Mingbuloqni kelgusida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish yuzasidan reja-maqsadlarini aniq hisob-kitoblar asosida taqdimot qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.