Ming nafarga yaqin talaba bandligi ta’minlanadi
Qarshi davlat universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida davlat tashkilotlari hamda xususiy sektorlar hamkorligida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov va viloyat hokimi Murotjon Azimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari S.Buzrukxonov ishtirok etdi.
– Qarshi davlat universiteti birinchilardan bo‘lib talabalarni ish bilan ta’minlashni boshladi, – dedi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi M.Azimov.

– Ushbu yarmarka siz, yoshlar uchun ajoyib imkoniyat, oliy ta’limni tugatib ishni nimadan boshlayman, qayerga boraman degan savollaringiz uchun munosib javob. Bu yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir.
2021-2022 o‘quv yilida Qarshi davlat universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklarini 2522 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Mehnat yarmarkasida viloyatning shahar va tumanlaridan 20 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.

– Koson tumanidagi 72-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi sifatida ishlash uchun yo‘llanma oldim, – deydi Jismoniy madaniyat fakulteti 4-bosqich talabasi Behruz Saidov. – Bundan juda ham xursandman.
– Turizm (faoliyat turlari) mutaxassisligi bo‘yicha 2-kurs magistrantiman, – deydi Ramazon Vayskulov. – O‘zim tahsil olayotgan Qarshi davlat universiteti qoshidagi “Zamon” mintaqaviy tadqiqot markazida mutaxassis sifatida ishlash uchun shartnoma imzoladim. Ishim o‘zimga ma’qul keldi.

Ahamiyatli jihati yarmarka yakunida 1000 nafarga yaqin talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA