O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 80 yilligiga
Ma’lumki, qadimdan insoniyat tabiat ne’matlaridan kasalliklarni davolashda foydalanib kelgan. Shifobaxsh o‘simliklardan tibbiy maqsadlarda foydalanish borasida Abu Ali ibn Sino o‘zining “Al-Qonun” asarida 476 ga yaqin o‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari va ularni ishlatish usullari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirgan.
Yurtimizning barcha hududlarida turli xil o‘simliklar bor. Hozirda 4500 dan ziyod o‘simlik turlari mavjudligi aniqlangan. Bulardan 750 ga yaqini shifobaxsh hisoblanadi. Shulardan tabiiy sharoitda o‘sadigan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin o‘simlik turlaridan ilmiy va xalq tabobatida foydalanib kelinadi. Tibbiyotda qo‘llaniladigan dori-darmonlarning 47 foizi o‘simlik xomashyolaridan olinadi.
So‘nggi yillarda tabiiy dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Chunki, shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan dori-darmonlar inson organizmida hech qanday salbiy asoratlar qoldirmaydi. Shu boisdan dorivor o‘simliklardan tayyorlangan dori preparatlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Respublikamiz hududidan yig‘ib olinadigan yovvoyi dorivor, oziq-ovqat va ayrim sanoat o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan e’tibor yil sayin davlat nazoratida bo‘lmoqda.
Tabiiy holda o‘suvchi va introduksiya qilingan o‘simliklarning xomashyo bazasini, kimyoviy tarkibini o‘rganish va ular asosida fitopreparatlar tayyorlash zamonaviy farmatsevtikaning dolzarb muammolardir. Zamonaviy tibbiyotda yangi tabiiy biologik faol birikmalar manbalarini qidirishga katta ahamiyat berilmoqda. Xalq tabobati va ilmiy tibbiyotning mamlakatimizdagi farmatsevtik ishlab chiqarishni yaxshilash maqsadida bir qator muhim qarorlar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” va “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shular jumlasidandir.
Ayniqsa, tabiiy o‘simliklar xomashyosidan oqilona foydalanish, biologik faol moddalarning istiqbolli o‘simlik manbalarini izlash mahalliy dorivor o‘simliklardan olingan moddalar (substansiyalar) asosida dori preparatlarini tayyorlash asosiy vazifalardan hisoblanadi. Floradagi ko‘plab tabiiy dorivor o‘simliklar shu vaqtgacha ilmiy-amaliy tadqiqotlar asosida (resurslar, tuzilmasi, farmakologik) o‘rganilmagan va bunday ishlar ilmiy qiziqishlarga sabab bo‘ladi. Ularning kimyoviy tarkibi ham kam o‘rganilgan yoki noma’lum yoki yagona o‘simliklar organlaridan, bu esa tibbiy dori-darmonlar arsenalini to‘ldirishga imkon bermaydi. Chunki o‘simlik vositalaridan foydalanish xavfsiz bo‘lib, sintetik analoglarga qaraganda samarasi yuqori.
Hozirda florada tabiiy tarqalgan va madaniylashtirilgan holdagi 750 tur dorivor o‘simliklar mavjud bo‘lib, shundan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun farmakologiyaga kiritilgan, respublika va o‘rmon fondi yerlarida o‘sayotgan 70 turdagi dorivor o‘simliklardan har yili xomashyo tayyorlash respublika kvotasiga kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 40 million dollar, 2020 yil 50 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 2021 yilning 9 oyi davomida dunyoning 33 davlatiga 40 million AQSH dollari miqdorida dorivor o‘simlik xomashyolari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar eksportga chiqarilgan. Biroq dorivor o‘simliklardan xomashyo tayyorlashning oshishi, ayrim tabiiy dorivor o‘simliklarning kamayishiga ham olib kelmoqda.
Shuni e’tirof etish joizki, O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarning introduksiyasi va iqlimlashtirish sohasida O‘zbekiston respublikasi Fanlar Akademiyasining Botanika instituti va Botanika bog‘i olimlari tomonidan ulkan ishlar amalga oshirildi. O‘tgan asrning 1950 – 1965 yillarida akademik F. N. Rusanov boshchiligida Yer sharining deyarli barcha floristik hududlaridan o‘simliklar yig‘ib kelindi va ularning namunalari tuzildi. Shuningdek, H.Xo‘jayev va H.Xolmatov kolleksiyadagi dorivor o‘simliklarni madaniy holda o‘stirish va ularga qo‘llaniladigan agrotexnik tadbirlari ustida ilmiy ish olib bordi. V.Belolipov O‘rta Osiyo florasida uchraydigan o‘simliklarni Toshkent Botanika bog‘i introduksiya sharoitida ekologik jihatdan moslashish xususiyatlarini tavsiflab berdi. A.Abdurahmanov va P.Valixo‘jayeva tomonidan Sharqiy Osiyo floristik hududiga mansub bo‘lgan 25 turning introduksiyasi o‘rganildi. Bu tadqiqotlardan so‘ng Toshkent sharoitida 500 dan ziyod o‘simlik turlarining kolleksiyalari tashkil qilindi.
Yo.To‘xtayev O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bog‘i Dorivor o‘simliklar laboratoriyasidan 37 oila va 90 turkumga mansub 111 tur introdisent dorivor o‘simliklar, ularning 77 turi ko‘p yillik va 34 turi bir ikki yillik o‘simliklarni sho‘r tuproqlarda dorivor o‘simliklarni introduksiyasi jarayonida sho‘rga chidamli turlarini tanlash maqsadida, o‘stirish imkoniyatlarini aniqlash va bioekologik xususiyatlarni o‘rganish, ularning ayrimlaridan o‘zlashtiruvchi o‘simliklar sifatida foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib bordi. Ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra sho‘r tuproqlarda introduksiya qilingan 111 turdan 69 tasi ko‘karuvchanlik xususiyatiga egaligi aniqlangan. Introduksiya jarayonida sho‘r yerlarda 47 tur o‘simlikning, ulardan 19 turi ikki xil darajada sho‘rlangan tuproqlarda ham o‘sganligi kuzatilgan.
Dorivor o‘simliklar kolleksiyasidagi turlar soniga aniqlik kiritish maqsadida qayta inventarizatsiya qilish ishlari amalga oshirilib, ayni vaqtda mavjud kolleksiyalarda ro‘yxatdagi 50 ta oila, 84 ta turkum va 92 ta turi qayd etildi. Dorivor o‘simliklar introduksiyasi laboratoriyasining tajriba maydonlariga Qashqadaryo va Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida tarqalgan dorivor turlardan Turkiston ayugasi, qontepar, kelajakda istiqbolli efir-moyli, dorivor, ziravor o‘simliklarning kolleksiyasini yaratish uchun gulbandli kiyik o‘t, choy o‘t, qizilpoycha, tog‘rayhon, oddiy tog‘rayhon kabi turlaridan namunalar ekildi. Shuningdek, yurak-qontomir kasalliklarida foydalaniladigan dorivor o‘simliklar kolleksiyasini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Olimjon Hojimatov,
O‘zRFA Botanika instituti xodimi,
biologiya fanlari doktori, professor
O‘zA