Milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan liboslar
Qashqadaryolik Ruxsora Aslonova milliy liboslar olamida o‘ziga xos uslub yaratgan dizayner va tadbirkor. Uning ijodi – milliy an’analar hamda zamonaviy modaning o‘zaro uyg‘unlashuvi, ruhlar mushoirasidir. Ruxsora o‘zining betakror yondashuvi va milliy liboslarga yangicha nafas berishi orqali O‘zbekiston moda maydonida o‘chmas iz qoldirmoqda.
– Har bitta tayyorlayotgan kolleksiyam yurtimizning boy madaniy merosini aks ettiruvchi liboslardan iborat bo‘lib, ular zamon talablariga javob bera oladi, – deydi Ruxsora. – Liboslarda an’anaviy naqshlarning jozibasi, ipak matolarning latofati va milliy bezaklarning serhashamligi zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashib, o‘ziga xos go‘zallik kasb etadi. Kolleksiyalarimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham keng e’tirof etilmoqda. Nufuzli moda ko‘rgazmalarida namoyish etilib, xalqaro ixlosmandlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
[gallery-22193]
Bir qarashda u tikkan liboslarga boqib haqiqiy ijod mahsuli deyish mumkin. Bora-bora Ruxsora bu ijodkorlik ishlarini tadbirkorlikka aylantira oldi va bu unga navbatdagi muvaffaqiyatni keltirdi. U o‘z brendini rivojlantirish va uni jahon miqyosida tanitish yo‘lida tinimsiz mehnat qilmoqda. Instagramm va Facebook sahifalari orqali mijozlar bilan bevosita muloqot qilish va yangi kolleksiyalarni taqdim etish uning marketing strategiyasining muhim qismidir.
– Tikkan liboslarimiz bilan milliy moda va madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etib kelyapmiz, – deydi R.Aslonova. – Maqsadim ijodiy faoliyatim orqali O‘zbekistonning bebaho madaniy merosini butun dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shish.
Ruxsora Aslonova o‘zining ijodiy salohiyati, milliy modani rivojlantirish yo‘lidagi fidoyiligi va tadbirkorlik qobiliyati bilan O‘zbekiston moda olamida yetakchi shaxsga aylandi. Uning faoliyati nafaqat moda industriyasiga, balki madaniyat va an’analarni asrab-avaylashga ham ulkan hissa qo‘shmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari