Andijon shahridagi ekoparkda “O‘zbegim ayollarining milliy liboslari” deb nomlangan milliy va zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 32 yillik bayrami oldidan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Andijon viloyati hamda Andijon shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan liboslar va modalar ko‘rgazmasida Andijon shahrida faoliyat olib borayotgan hunarmand, modeler-dizayner xotin-qizlar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlar namoyishi bilan ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda opa-singillarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, o‘zbek ayol va qizlarining kiyinish madaniyatini yuksaltirish, o‘zbek milliy va zamonaviy liboslarini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar o‘rtasida o‘zbekona kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish, milliy kiyinish madaniyatini yuksaltirish, – deydi Andijon viloyati diniy ishlar boshqarmasi mutaxassisi Feruzaxon Rustamova. – Qolaversa, yoshlarimizni milliy qadriyat, an’ana va urf-odatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan.

Tadbirda namoyish etilgan bir-biridan chiroyli milliy va zamonaviy liboslar barchaga manzur bo‘ldi.


Mutaxassislar tomonidan ko‘rgazmalari yuqori baholangan hunarmand va modeler-dizaynerlar tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Yakunda namoyish etilgan konsert dasturi tadbir mehmonlariga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA