Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har bir insonni farovonlikda yashashga qaratilgan. O‘zgarishlarga kamarbasta bo‘lish, shukr aytish hayotimizning yanada ko‘rkam, ziyoda bo‘lishi o‘z isbotini topgan. Xususan, ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Yurtboshimiz tomonidan o‘rtaga tashlangan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ham ma’naviy-ma’rifiy tushunchalarni yuksaltirish orqali mamlakatimizda adolatli va farovon jamiyatni mustahkamlashga qaratilgan. Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash lozim.
Shu bilan birga, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish esa jamiyat rivojiga ulkan hissa qo‘shishi muqarrar. Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish esa hozirgi davr talabidir.
Bugungi kunda Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Markazning viloyat boshqarmalari, tuman bo‘linmalarida mehnat qilayotgan soha xodimlari, o‘zini ma’naviyat fidoyisi deb biluvchi ziyoli, jonkuyar yurtdoshlarimiz tashabbuslari tahsinga loyiqdir. Birgina, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va hududiy bo‘lim hamda tuman-shahar bo‘limlari tomonidan bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. 17-21 iyun kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va hududiy bo‘lim hamda tuman-shahar bo‘linmalarining 250 nafar rahbar va xodimlari ishtirokida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi o‘quv-seminarning tashkil etilishi sohadagi tub o‘zgarishlardan darak beradi.
Aniq reja va maqsad asosida tuzilgan o‘quv-seminarida sohaning rivoji, jamiyatning ravnaqiga xizmat qiluvchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda yangicha qarash, yangi innovatsion texnologiya va imkoniyatlardan foydalanish borasida bilimlarning yuqori salohiyatli mutaxassis va professorlar tomonidan o‘rgatilishi o‘quvning samaradorligini belgilab beradi.
Bobolarimizning hayot yo‘li biz uchun ibrat va namuna bo‘lmog‘i kerak. Barchamizga ma’lum, inson tabiatiga ko‘ra ma’naviy immuniteti shakllanmagan ommaning fikran og‘ishga moyilligi yuqori bo‘ladi. G‘oyaviy-mafkuraviy, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan xalqni ezgulikka chorlash vazifasi barcha davrlarda ziyoli qatlam zimmasiga tushgan.
O‘quv seminardan maqsad og‘ir yukni mardonavor ko‘tara oladigan ziyoli qatlamni, ya’ni jamoani shakllantirishdir. Qolaversa barcha sa’y-harakatlar zamirida bugunidan ko‘ngli shod, ertasidan umidi katta bo‘lgan, yuragi shukronalik tuyg‘usi bilan mavjlangan, hayotidan rozi insonlar safini kengaytirishdan iborat. Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar suhbatida bo‘lgan, yoxud o‘zga yurtlardan baxt izlab, puch xayollarga ergashgan oqibatda nadomat ila yurtga qaytib kelgan, yaqinlari, oilasidan ayrilgan insonlarning so‘zlari, nigohlariga boqqanda bizga berilgan ne’matlarning qadrini yurakdan his etadi kishi. Ana shu tenglashtirib bo‘lmaydigan ma’naviy boylikning bahosi faqatgina shukronalik bilan o‘lchanadi.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA