Milliy tibbiyot markazida yana bir jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi
Qondosh-qarindoshlik va chinakam birodarlik mehrining yorqin namunasi bo‘lgan quyidagi voqea barchani to‘lqinlantirdi
Hayot yo‘lini birga bosib kelayotgan Hasan va Husan ismli egizaklarning hayotida unutilmas va sinovli kunlar boshlandi. Ularning biri o‘z ukasiga hayot ulashish, uni og‘ir xastalikdan qutqarish maqsadida jigarining bir bo‘lagini donor sifatida berishga qaror qildi…
Mamlakatimiz tibbiyotidagi yutuqlar va yuqori texnologiyalar qo‘llanilayotganining yana bir isboti o‘laroq, tajribali shifokor Jasur Sobirov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi ushbu murakkab operatsiyani yuqori saviyada o‘tkazdi. Zamonaviy tibbiyot uskunalari va jarrohlarning yuksak mahorati tufayli jarayon ko‘ngildagidek yakunlandi. Hozirda har ikki bemorning ahvoli shifokorlar nazoratida.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur amaliyot egizaklarning kelgusida sog‘lom hayot kechirishlari uchun tashlangan eng muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi voqealar nafaqat yurtimizda oliy toifali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilayotgani, balki xalqimizga xos mehr-oqibat, bir-biriga ko‘mak berish fazilatlari naqadar ulug‘ ekanining yorqin misolidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA