Milliy tibbiyot markazida dunyoda noyob amaliyot hisoblangan 61-balon angioplastikasi bajarildi
Dunyoda shu turdagi 60 ta amaliyot bajarilgan bo‘lib, mazkur holat 61-amaliyot sifatida qayd etildi.
Milliy tibbiyot markazi rentgen-endovaskulyar jarrohlari tomonidan 2005-yilda tug‘ilgan, avval talog‘i olib tashlangan bemorda yuqori kavak vena sohasida murakkab balon angioplastikasi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Markaz matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonavaning so‘zlariga ko‘ra, bemorning asosiy kasalligi fonida jigar faoliyatida ham zararlanish belgilari kuzatila boshlagan. Shu sababli yuqori kavak venadagi qon oqimini tiklash va tomir torayishini bartaraf etish bemorning umumiy holatini barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda shu turdagi 60 ta amaliyot bajarilgan bo‘lib, mazkur holat 61-amaliyot sifatida qayd etildi.
Yuqori kavak venadagi torayish yoki qon oqimining buzilishi hayotiy muhim a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, bemorda taloq olib tashlanganidan keyin jigar faoliyatida ham muammolar kuzatilgani holatni yanada murakkablashtirgan.
Mazkur murakkab amaliyot Milliy tibbiyot markazining rentgen-endovaskulyar jarrohlari tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirildi.
Amaliyotni yosh endovaskulyar jarroh Abdurahmon Haydarov bajardi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA