Milliy terma jamoamiz finalda, raqib esa yana Eron
FIFA kunlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan "Al-Ayn xalqaro kubogi”da O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqa finaliga yo‘l oldi.
“Hazza bin Zayid” stadionida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Misr terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning 4-daqiqasida Oston O‘runov o‘zining yuqori texnika va tezkorligini ko‘rsatib, misrlik himoyachilar to‘sig‘idan yorib o‘tdi va hisobni ochdi.

Shuningdek, Oston 43-daqiqada Otabek Shukurovning ajoyib to‘p uzatmasidan so‘ng raqib darvozaboni va himoyachilarini dog‘da qoldirib, o‘zining ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi bo‘lim keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoamiz Misrni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Endi futbolchilarimiz 18 noyabr kuni turnirning so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Eron terma jamoasi bilan to‘qnashadi. Misr va Kabo-Verde termalari 17 noyabr kuni 3-o‘rin uchun bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA