Milliy terma jamoamiz bugun Niderlandiya bilan o‘ynaydi
Ayni paytda futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ishtirok etadigan Jahon chempionatiga tayyorgarlikni Nyu-York shahrida davom ettirmoqda. Terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro futbolchilarning jismoniy holatini yuqori darajada saqlab turish, texnik-taktik harakatlarni takomillashtirish hamda jamoaviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etmoqda.
Ushbu yig‘in doirasida milliy terma jamoamiz bugun, 8-iyun kuni Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Bellashuv Nyu-York shahridagi "Icahn Stadium" stadionida Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi.

Bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan jamoalar rasmiylari ishtirokida texnik yig‘ilish o‘tkazildi. Unda o‘yinni tashkil etish, reglament talablari hamda boshqa tashkiliy masalalar yuzasidan tushuntirish va eslatmalar berildi.

Yig‘ilish davomida jamoalarning o‘yin uchun liboslari ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari bahsda to‘liq ko‘k rangli libosda maydonga tushadi. Darvozabon esa yashil rangli libosda harakat qiladi.

Dunyoning yetakchi jamoasiga qarshi o‘tkaziladigan mazkur bahs milliy terma jamoaning taktik va jismoniy holatini baholash, shuningdek, murabbiylar shtabi uchun tarkib va o‘yin uslubini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, milliy terma jamoamiz mundialda “K” guruhida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA