Milliy tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi
Nukusda “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari Qoraqalpog‘iston Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari R.Turdibayeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Axmedova so‘zga chiqib, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtaldi.
Ko‘rik-tanlov natijasiga ko‘ra “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli” nominatsiyasi hamda birinchi darajali diplom bilan Chimboy tumanidan Qundiz Qurbanova, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasi hamda ikkinchi darajali diplom bilan Xo‘jayli tumanidan Nargiza Primbetova, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasi hamda uchinchi darajali diplom bilan Beruniy tumanidan Aynura Urazova taqdirlandi. Shuningdek, Shumanay tumanidan Zamira Allaniyazovaga “Yilning eng jonkuyar ustozi”, Ellikqal’a tumanidan Dilorom Aytbayevaga “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, Taxiatosh tumanidan O‘ringul Hakimovaga “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, Kegeyli tumanidan Larisa Doshetovaga “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, Nukus tumanidan Rita Sarmanovaga “Yilning eng vatanparvar ayoli”, Nukus shahridan Aydin Dao‘keyevaga “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyalari topshirildi.
[gallery-9678]
Tadbirda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘oliblari ham munosib taqdirlandi. Jumladan, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol vazirlik” nominatsiyaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasiga “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik” nominatsiyasiga Chimboy tumani hokimligi loyiq deb topildi.
“Eng namunali tadbirkor” ko‘rik tanlovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi “Kungrad agro solodko sistem” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Zamira Xojametova taqdirlandi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA