Milliy tabiat bog‘iga press-tur tashkil etildi
Tabiatda hayvonot va o‘simliklar dunyosini saqlab qolish hamda ularni son jihatidan ko‘paytirishda milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar alohida ahamiyatga ega.
Yurtimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy obyektlar va majmualarni, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob va yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida 2022-yilning 16-fevralida “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1,2 million gektar bo‘lgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va Tomdi tumanida umumiy maydoni 40 ming gektar bo‘lgan “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi tashkil etildi.
Bugungi kunda Milliy tabiat bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan sanoq jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat Ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari, jurnalist va blogerlar “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘ida bo‘lishdi.

Milliy tabiat bog‘ining qo‘nalg‘asi viloyat markazidan 360 kilometr uzoqlikda Uchquduq tumanining Qulquduq ovulida joylashgan. Bu yerda 40 nafarga yaqin xodim faoliyat olib boradi.
Milliy tabiat bog‘i ovuldan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, yo‘lning asosiy qismi cho‘l hududidan o‘tganligi bois maxsus avtomashinalarda boriladi.

– Milliy tabiat bog‘i qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadida foydalanish zonalaridan iborat, – deydi “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i direktori Jaloliddin Mamanazarov. – Hayvonot olami populyatsiyasi va populyatsiya dinamikasini aniqlash maqsadida har yili mavsumiy, bahor va kuz oylarida monitoring ishlari olib boriladi. Bugungi kunda Milliy tabiat bog‘ida sut emizuvchilarning 19 turi, qushlarning 33 turi, sudralib yuruvchilarning esa 9 turi uchraydi. Ulardan sudralib yuruvchilarning 3 ta, qushlarning 20 ta va sut emizuvchilarning 9 ta turi “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Manzilga borish uchun kunning issiqligi va uzoqligi hisobga olinib, kech soat 10 lar atrofida 4 ta “Niva” va 1 ta “JAS” rusumli avtomashinada yo‘lga tushildi.
Yo‘l uzoq, qolaversa, yo‘lning qumlar orasidan o‘tishi harakatni sekinlashtiradi. Qumli barhan, saksovulzorlar oralab ketilar ekan, suhbatimiz mavzusi brokonerlarga borib taqaladi.

– Bir kuni Milliy tabiat bog‘i hududiga brokonerlar kirganligi to‘g‘risida xabar oldik, – deya gap boshladi Jaloliddin. – Ularning iziga tushgach, avtomobilimiz baloni teshildi. Brokonerlar yo‘lga temir qoziqlar ko‘mib ketishgan ekan. Izlay-izlay qoziqlarning 15-20 tasini topdik. Qiyinchilik bilan bo‘lsada, baribir ularni ushlaganmiz.

Haftada bir-ikki marta bog‘ga kelib- ketamiz. Hech qachon inspektorlarimiz bir kishi yurmaydi. Kamida ikki kishi bo‘lishadi. Har qanday vaziyat bo‘lishi mumkin. Masofaning uzoqligi, yo‘lning noqulayligini hisobga olib, doimo ikkita avtomashinani yo‘lga chiqaraman. Mabodo biri buzilib qolsa, inspektorlar ikkinchisida manzilgacha yetib borishadi. O‘tgan yili kuzda qoraqalpog‘istonlik bir cho‘pon 800 ta qo‘yini, garchi hududga kirish mumkin emasligi to‘g‘risidagi belgini ko‘rgan bo‘lsada, hududimizga olib kiribdi. 6 nafar xodimimiz cho‘pon bilan birgalikda piyoda 80 kilometr masofaga qo‘ylarni haydab kelishdi. Tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirib, sudga taqdim qildik. Sud tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar sifatida 278 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Suhbat qizigandan qizib, manzilga yetib borganimizni ham sezmay qolibmiz. Qariyb 6 soat atrofida yo‘l yurib, soat 3 larda dam olishga yotdik. Ertalab soat 7 larda esa bog‘ hududini ko‘zdan kechirish, qolaversa, hayvonot va o‘simlik turlarini sanoqdan o‘tkazish maqsadida guruhlarga bo‘lingan holda yo‘lga tushdik.
– Har yili 2 marotoba sanoq o‘tkazishda yordam berish uchun kelamiz, – deydi “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi rahbari Yo‘lchibek Eshonov. – Bugun sanoq davrida qamishzorlar atrofida 2 ta yovvoyi cho‘chqa va uning 9 ta bolasini uchratdik. Ular to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida fotoqopqon qo‘yildi. Oq qush, qolaversa, shu kunga qadar ro‘yxatga olinmagan pushti saqoqushni ko‘rdik. Bu ham biz uchun yangiliklardan biridir.

Yo‘l-yo‘lakay quyon, toshbaqa, turli qushlarni uchratamiz. Maqsadimiz esa jayronni ko‘rish. Tushlikka yaqin bir dona jayronga duch keldik. Ammo atrofida odamzod yurganini payqagan jayron tezlikda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uni kimdir ko‘rdi, kimdir esa “Qani, qani”, deya bir-biridan so‘rashga ulgurdi xolos.
– Hudud Qozog‘iston davlati bilan chegaradosh bo‘lib, chegara sim bilan ajratilgan, – deydi “Jonli tabiat” nodavlat-notijorat tashkiloti rahbari Eshmamat Tog‘ayev. – Bu esa jayronlarning ko‘chib yurishi uchun noqulaylik tug‘diradi. Sababi qishning sovuq kunlarida nisbatan iliqroq hudud izlagan jayronlar sim to‘rlariga o‘ralashib, nobud bo‘lish holatlari ham uchraydi. Bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida chegarani ochish masalasini qayta ko‘rib chiqish zarurati bor. Bu hayvonot dunyosining yanada ko‘payishi uchun xizmat qilishi mumkin.
Safarimiz qarib, ortimizga qaytdik. Yo‘l-yo‘lakay hamrohimiz -- viloyat Ekologiya, atrof muhit va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Boltayev jayronlarni ko‘rganligi aytib, mashinani to‘xtatishni aytib qoldi. U ko‘rsatgan tomonga qaraymiz. Haqiqatan ham 3 ta jayron yugurib bormoqda. Xursandchiligimizning cheki yo‘q. Axir ana shu jayronlarni ko‘rish uchun ham yo‘lga chiqqan edik-da. Maqsadimizga erishdik. Kayfiyatimiz chog‘ holda ovulga qaytdik.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri