Milliy tabiat bog‘ida Sibir tog‘ echkisi ko‘paymoqda
Surxondaryo viloyatidagi Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i Zevar bo‘limi 14–15 kvartallarida nazoratchilar Sibir tog‘ echkilari yashayotganini aniqladi.
Bu haqda xabar bergan milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarovning aytishicha, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Sibir tog‘ echkisi asosan Turkiston va Chotqol tog‘ tizmalarida uchraydi. Noyob bu jonivor chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larda yashab, o‘rtacha 15-17 yil umr ko‘radi. Bir yilda ikki martagacha bolalaydi. Og‘irligi 35 kilodan 150 kilogrammgacha yetadi.

–Yozgi juni qo‘ng‘irnamo jigar rang tusda bo‘ladi,– deydi Nuriddin Sattarov.– Tik qoya toshlar va o‘pirilmalar ko‘p bo‘ladigan juda past-baland joylarda yuradi. Hozir ertalabki va kechki soatlarda qo‘ng‘irbosh va boshqa o‘tlar bilan oziqlanadi. Qishda archa ignabarglari va butalarni g‘ajiydi. Tunda borish qiyin bo‘lgan daralardagi qoyalar orasida yotadi. Voyaga yetgan erkaklari noyabr oyining o‘rtalarida olishib, bir nechta, ayrimlari 15 tagacha urg‘ochisini o‘ziga oladi va boshqa erkak Sibir tog‘ echkilarini ularning yaqiniga yo‘latmaydi. Urg‘ochilari aprel–may oylarida bolalaydi.

Mutaxassislarning fikricha, Sariosiyo tumanidagi Hisor tog‘ tizmalarida bunday noyob jonivorlarning emin–erkin ko‘zga tashlanayotgani nabotot olami va hayvonot dunyosiga boy hududda keyingi yillarda ularni avaylab–asrash va ko‘paytirish uchun yaratilgan sharoitlar samarasidir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri