Milliy sun’iy yo‘ldosh Qirg‘iziston ekologiyasini kuzatish imkonini kengaytiradi
Axborot hamkorimiz - "Kabar" AA yozishicha, Qirg‘izistonga tegishli birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshning orbitaga chiqarilishi mamlakatga ekologik vaziyat, muzliklarning erishi, suv resurslari, yaylovlar va favqulodda vaziyatlarni onlayn rejimda mustaqil kuzatish va olingan ma’lumotlar asosida tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, ilgari bunday ma’lumotlarni xorijiy sun’iy yo‘ldoshlardan olish vaqt talab qilgan va pullik xizmat bo‘lgan bo‘lsa, milliy sun’iy yo‘ldosh yordamida Qirg‘iziston o‘ziga kerakli ma’lumotlarni doimiy ravishda olishi va ularni mustaqil ravishda tahlil qilishi mumkin.
Qirg‘izistonlik ekolog Anara Sultangaziyeva ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar mamlakat iqtisodiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ekologik vaziyatni nazorat qilishda muhim rol o‘ynaydi.
- Bu barcha sohalarga, jumladan, iqtisodiyotga ham tegishli, - deydi u. - Chunki, o‘lkadagi ekologik vaziyat iqtisodiyot bilan bevosita bog‘liq. Masalan, suv resurslari tanqisligi qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qiladi. Shuningdek, biologik xilma-xillik ekologik tizimga, bizning sog‘lig‘imiz va farovonligimizga bevosita bog‘liq.
Ekologning fikricha, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarni oldindan ko‘rsatib bersa, unga bir necha soat, balki bir necha daqiqa qolganda ham vaziyatga tayyor turish ehtimoli yuqori.
- Masalan, muzliklarni kuzatish uchun resurs va mablag‘ kerak, bu esa ko‘p vaqt talab qiladi, - dedi A.Sultangiziyeva. - Sun’iy yo‘ldosh yordamida esa muzlikning qanchalik intensiv yoki sekin eriyotganini aniq bilish mumkin. Hozirgi vaqtda katta muzliklar erib, mayda muz bo‘laklariga aylanmoqda. Biz muzliklarning erishini, qancha qor yog‘ayotganini ham kuzatib borishimiz kerak. Qor qoplami qancha qalin bo‘lsa, muzliklarning hosil bo‘lishi va saqlanishiga shuncha sharoit yaratiladi.
A.Mamatov, O‘zA