Yurtimizda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi milliy statistika tizimini isloh qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2025 yil 24 fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyati Statistika boshqarmasi boshlig‘i Asqar Toshnazarov mazkur farmon mazmun-mohiyati, unda belgilangan maqsad va vazifalar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
Ushbu farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilib, respublika Statistika kengashi tashkil etildi. Mazkur kengash rasmiy statistikani yuritish tizimini rivojlantirish, muvofiqlashtirish va faoliyat ko‘rsatishiga oid masalalar bo‘yicha kollegial maslahat organi hisoblanadi.

Farmonda statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning bir qator ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, statistika tizimida makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistika kuzatuvi o‘tkazish tizimi hamda metodologiyasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish belgilab berildi.
Endilikda integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda xodimlar soni 5 kishidan kam, yillik tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 2000 barobarigacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalarga yillik hisobot bekor qilindi. Ular ushbu hisobotni har 3 yilda 1 marotaba topshirishi amaliyotga kiritiladi. Mazkur sub’ektlar ma’lumoti Soliq qo‘mitasining axborot tizimidan olinadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirishda tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimi hamda ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Farmonda belgilangan yana bir ustuvor yo‘nalish “mahalladan-respublikagacha” tamoyili bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar tizimini yaratish orqali ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashdan iborat.
2025 yilning yakuniga qadar viloyat, tuman va shaharlar kesimida “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, farmon bilan 2026 yilning 1 yanvaridan e’tiboran hisobotlarni topshirishda korxona va tashkilotlarga maslahat beruvchi “Maslahatchi” sun’iy intellektga asoslangan interaktiv xizmati, foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni tez izlab topishga ko‘maklashuvchi “Tahlilchi” sun’iy intellektga asoslangan konsultativ xizmati joriy etiladi.
Mazkur farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham qabul qilindi.
Qarorga asosan statistik kuzatuvlarni o‘tkazish va ko‘rsatkichlarni shakllantirish uslubiyotlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, sohada islohotlarni jadallashtirish hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Milliy statistika qo‘mitasi tuzilmasida “Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish” ofisi tashkil etiladi.
Transformatsiya ofisi foydalanuvchilar uchun zarur statistika ma’lumotlarini baholash uslubiyotini takomillashtirish, mikrokuzatuvlar va statistik ko‘rsatkichlar uslubiyotini ishlab chiqish, Milliy statistika qo‘mitasi va rasmiy statistikani tayyorlovchilar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, ofis foydalanuvchilar bilan samarali qayta aloqani o‘rnatish, xalqaro tashkilotlar ishtirokida statistika organlari xodimlarining salohiyatini oshirish, ilmiy muassasalar, tadqiqotchilar va nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlari bilan statistika ishlarini tashkil etishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, statistika sohasini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqishga mas’ul hisoblanadi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.