“Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, jumladan:
— makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
— integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
— “mahalladan – respublikagacha” tamoyili bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash.
2025 yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2025 yil yakuni bo‘yicha hisobot davridan boshlab xodimlar soni yillik o‘rtacha 5 kishidan kam bo‘lgan va yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishi belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Statistika organlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda 2026 yil 1 yanvardan quyidagi interaktiv xizmat turlari joriy etiladi:
— hisobotlarni topshirishda korxona va tashkilotlarga maslahat beruvchi “Maslahatchi” sun’iy intellektga asoslangan interaktiv xizmati;
— foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni tez izlab topishga ko‘maklashuvchi “Tahlilchi” sun’iy intellektga asoslangan konsultativ xizmati;
— statistik kuzatuvlarni telefon yordamida o‘tkazish imkonini beruvchi “Call-markaz” faoliyati.
2025/2026 o‘quv yilidan Milliy statistika qo‘mitasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiy statistika kafedrasi filiali tashkil etiladi.
2025 yil 1 iyuldan YATTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ular shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari hamda iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichi asosida amalga oshiriladi.
O‘zA