Ma’lumki, My.gov.uz portalida barcha fanlardan (tegishli umumta’lim va maxsus fanlardan) bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat olish uchun imtihonda qatnashishga ariza berish xizmati joriy etilgan. Milliy sertifikat imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan tartibga solinadi.
Unga ko‘ra, tegishli umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikat darajasiga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball yoki maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan ayrim test topshiriqlari hamda esse mavzularining imtihon savollari bilan muvofiqligi agentlik tomonidan o‘rganib chiqildi. Tahlil jarayonida mazkur holat turli omillar ta’sirida yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, yozma savodxonlikni baholashda o‘lchov vositasi sifatida yozma ishning esse turidan foydalanilmoqda. Esse yozish texnologiyasi bo‘yicha ko‘nikma va malakalarni shakllantirish va o‘zlashtirish talabi yaqin yillardan boshlab ta’lim dasturlarida belgilab ko‘rsatildi. Shu sababli dastlab milliy test tizimi doirasida ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan imtihon jarayonlarida yozma savodxonlikni baholashga yo‘naltirilgan test topshiriqlari sifatida o‘quv dasturlarida belgilab ko‘rsatilgan mavzularga mos vaziyatlarga oid esse yozish talabi belgilangan edi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, talabgorlar orasida yozma savodxonlikni oshirishga bo‘lgan e’tibor ortgani bois esse yozish malakasi ham to‘laqonli shakllanib bormoqda. Shu bois o‘tkazilayotgan imtihon jarayonlarida esse mavzulari sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan, e’tiborga loyiq dolzarb va qiziqarli mavzular tanlanmoqda.
Xususan, ta’lim sohasidagi muammolar, xususiy oliy ta’lim muassasalari faoliyati, ayniqsa, joriy yilda bo‘lib o‘tgan “Parij-2024” yozgi Olimpiada o‘yinlarida yurtdoshlarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari asnosidagi sport va ta’limga bo‘lgan e’tibor mavzularining keng jamoatchilik muhokamasida ekani sir emas. Esse uchun omma e’tiborida bo‘lgan mavzular tanlanishi bir qancha sabablar tufaylidir. Talabgor uchun notanish mavzu uning tilni bilishga oid bilimlarini aniqlashga xizmat qilmasligi mumkin. Esse yozish jarayonida talabgorning jamiyatshunoslik, tarix yoki boshqa fanlarga oid bilimlari emas, balki uning yozma savodxonligi tekshiriladi, matn yaratish, matnga xos mantiqiy-mazmuniy xususiyatlar, til birliklaridan matnda to‘g‘ri foydalana olish, imlo qoidalariga amal qilish, tinish belgilarini to‘g‘ri qo‘llay olish, lug‘at boyligidan unumli foydalana olish kabi bilim, ko‘nikma va malakalar baholanadi.
Qayd etilishicha, umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni berish uchun tuziladigan test topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim tizimiga joriy etilgan davlat ta’lim standartlariga hamda ta’lim o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Xususan, ona tili fanidan lingvistik va nutqiy kompetensiyalarni, adabiyot fanidan badiiy asarni tahlil qilish hamda adabiy-nutqiy kompetensiyalarni baholashga yo‘naltirilgan test topshiriqlaridan foydalanilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ochiq va yopiq turdagi test topshiriqlari ham turli muhokamalarga sabab bo‘lgan. Tahlillar jarayonida mazkur test savollarining ayrimlari agentlik tomonidan hozirgi kunga qadar o‘tkazilgan imtihonlarda foydalanilgan test topshiriqlariga mos kelsada, ularning aksariyati Bilim va malakalarni baholash agentligi test bazasiga daxldor emasligi ma’lum bo‘ldi. Muhokamaga sabab bo‘layotgan ayrim test topshiriqlarining 2- va 3-noyabr kunlarida bo‘lib o‘tgan imtihon variantlaridagi test topshiriqlari bilan muvofiqligi bevosita Rash modeli ilmiy-nazariy tahlili talablari bilan bog‘liq.
Unga ko‘ra, bir o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan imtihonlarda foydalaniladigan test variantlarining qiyinlik darajasi mutanosibligini ta’minlash asosiy omil hisoblanadi. Qolaversa, test variantining qiyinlik darajasi talabgorlarning test topshiriqlariga bergan to‘g‘ri javoblari orqali belgilanadi. Ayni bir savolga berilgan to‘g‘ri javoblar soni ortib borishi bilan Rash modeli asosida mazkur test variantiga beriladigan ball kamayib boradi. Muqaddam o‘tkazilgan imtihonlardan so‘ng keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim test topshiriqlarining 2024 yil 2- va 3-noyabr kunlarida bo‘lib o‘tgan imtihon test variantlarida ham takrorlanganini mazkur ilmiy-nazariy tahlil talabi sifatida izohlash mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA