Milliy sanoat ko‘rgazmasi davom etmoqda
Turkmanistonning Ashxobod shahrida "Made in Uzbekistan" Milliy sanoat ko‘rgazmasi davom etmoqda.
Turkmanistonning Ashxobod shahrida "Made in Uzbekistan" Milliy sanoat ko‘rgazmasi davom etmoqda.Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli forum do‘st va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi yaqin sheriklik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Ashxobodga O‘zbekistonning ko‘p qirrali sanoat salohiyatini namoyon etuvchi 70 dan ortiq kompaniya va korxonalardan 250 nafar boshqaruvchi va mutaxassislar delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bu esa, ikki davlat ishlab chiqaruvchilarining o‘zaro uzoq muddatli hamkorlik qilishga qiziqishi ortayotganidan dalolatdir.
Ekspozitsiya maydonida O‘zbekistonning tog‘-kon, metallurgiya, neft va gaz, mashinasozlik, elektrenergetika, to‘qimachilik va kimyo sanoati, qurilish materiallari, maishiy texnika, oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korporatsiya va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmada milliy avtomobilsozlik, turli sug‘urta xizmatlari yutuqlari hamda xalqimizning madaniyati, amaliy san’at va hunarmandligining o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan tanishish mumkin.
Mazkur ko‘rgazmada "O‘zbekneftgaz", "O‘zqurilishmateriallari", Navoiy kon-metallurgiya kombinati, "O‘zkabel", "O‘zkimyosanoat" kompaniyalari tomonidan yuqori sifatli mahsulotlar va yangi texnologiyalar taqdim etilmoqda.
Yuzlab korxona va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘rgazmada mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va eksport qilinadigan dori-darmon mahsulotlari, tibbiyot vositalari va texnikalarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Unda "Ravon" brendli «Spark», «Gentra» hamda «Chevrolet Malibu» yengil avtomobillari namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, "O‘zavtosanoat" kompaniyasi turkmanistonlik hamkorlarga zamonaviy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlangan yuk avtomobillari, sut tashuvchi va tez yordam mashinalarini ham taqdim etayotir.
«Alimkhan Exim Group» kompaniyasi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining turli mahsulotlarini bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashuvchi yirik xususiy tashqi savdo kompaniyasidir. Kompaniya stendidan devor va pol qoplamalari uchun shishali mozaika, ko‘p kamerali plastik profillar, «Woodwin» brendli texnologik listlar, suv o‘tkazmaydigan mebel listlari, ekologik talablarga javob beradigan polimer bo‘yoqlari joy olgan.
"Mexmash", "Bektemir metall konstruksiyalari", "Al Star", "Plast Co", "Mastec", "Eco Climat" korxonalari tomonidan esa, keng turdagi kabel va quvurlar, issiqxonalar uchun po‘lat sim va metall konstruksiyalar, kompozit plitalar, havo almashtirish tizimlari isitgichlari kabi mahsulotlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekistonning maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi "Artel" televizor, changyutgich, oshxona plitalari va muzlatgichlarning zamonaviy rusumlaridan namunalarni taqdim etayotgan bo‘lsa, yonida "Coven Elektro" (elektroplitalar va mikro to‘lqinli pechlar) hamda savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun muzlatgich kameralari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Sam-Ferre" korxonalarining mahsulotlari joy olgan.
Shuningdek, ko‘rgazmada zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va mebellari, to‘qimachilik, qandolat, oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.