Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 apreldagi “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Adliya vazirligi mas’ul xodimlari farmon qabul qilinishining maqsad-vazifalari, kutilayotgan yangiliklar hamda o‘zgartirishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
– bugungi kunda milliy qonunchilik tizimida 35 mingdan ortiq qonunchilik hujjati majud bo‘lib, ularning 95 foizdan ortig‘ini qonunosti hujjatlari tashkil etmoqda, – dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilafro‘z So‘fiyeva. – Bu esa fuqarolarga qonun hujjatlaridan foydalanish, hayotida duch kelayotgan muammolarini hal qilish chog‘ida ovoragarchiliklarga uchrashiga sabab bo‘ladi. Agar qonun hujjatlari tizimlashtirilib, eskirgan, bir-birini takrorlovchi yoxud biri ikkinchisiga zid bo‘lgan qonun hujjatlari bekor qilinsa, fuqarolarning milliy qonunchilik bazasidan samarali foydalanishida qulaylik yaratiladi. Shu ma’noda davlatimiz rahbarining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Mamlakatimiz milliy qonunchiligi tarixida ilk bor ushbu farmon asosida qonunchilik bazasi kompleks tizimlashtirilmoqda. Bu borada vazirligimiz tomonidan xalqaro tajriba atroflicha o‘rganilgan. Masalan, Fransiyada sohalar bo‘yicha jami 70 dan ortiq kodeks mavjud bo‘lib, barcha huquqiy hujjatlar jamlangan va bu fuqarolarning foydalanishi uchun qulay.
Matbuot anjumanida Adliya vazirligi boshqarmasi maslahatchisi A’zamjon Erkinov, vazirlik maslahatchisi Sardor Nusratov farmonda o‘z aksini topgan bir qator muhim masalalar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Adliya vazirligining tashabbusi bilan jami 3 mingga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilingan bo‘lib, bu amaldagi huquqiy bazaning qariyb 10 foizini tashkil etadi. Qonunchilik bazasini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida yana 500 taga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilindi.

Qonunchilik nafaqat son jihatdan, balki sifat jihatdan ham yaxshilanayotgani qayd etildi. Haqiqatan ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlardan qonunchilikni “tozalash”dan keyin navbat hujjatlar mazmunini yaxshilashga keladi. Bu borada ikki yo‘nalishda ish olib borilishi rejalashtirilgan. Avvalo, konsolidatsiya, ya’ni 120 dan ortiq davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi 1600 dan ziyod tarqoq hujjat birlashtiriladi. Chunki bugungi kunda bitta vazirlikning vakolatlarini tushunish uchun kamida o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini o‘rganish yoki qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan yuridik maslahat olish zarur. O‘nlab turli normativ-huquqiy hujjatlarning o‘rniga, davlat organi faoliyatiga oid bitta hujjatning talablarini va mazmunini tushunish ancha qulay bo‘ladi.
Ikkinchi bosqichda amaldagi huquqiy baza qonunchilik tarmoqlari bo‘yicha tizimlashtiriladi. Buning uchun 60 ga yaqin eng muhim soha bo‘yicha amaldagi hujjatlar tizimlashtiriladi. Tizimlashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida turli muammolarga olib keluvchi takrorlanishlar, ziddiyatlar, huquqiy bo‘shliqlar va boshqa kamchiliklar bartaraf etiladi. Adliya vazirligi bu borada mas’ul ijrochilarga uslubiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilardan javob oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA