22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Mahalla qadriyatlarimizning asosiy qo‘rg‘oni sanaladi. O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 2 martdagi "Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi Qonuni yurtimizda inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi "O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori, jumladan O‘zbekiston mahallalar uyushmasining tashkil etilishi mahallalar hayotida ulkan burilish yasadi.

"Mahalla yettiligi" faoliyatini samarali tashkil etish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, aholi daromadini oshirish, kambag‘allikdan chiqarish, salomatligini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni muhofaza qilish va boshqa sohalarda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla mustahkam poydevorli tizimga aylandi.
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilgan tadbir tizim xodimlariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyi foyesida milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida, milliy an’ana va qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda, odamlarning muammolarini o‘rganish va ularni hal etishda mahallalarning o‘rini o‘ziga xos ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng "22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni" munosabati bilan "Mahalla iftixori" ko‘krak-nishoni egalarini hamda "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan qisqa davr ichida tizimda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Shu jumladan, "Yettilik" hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha 10 ta uslubiy-qo‘llanma tayyorlandi, har biridan 10 ming nusxada chop etilib, barcha mahallaga yetkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) hokimlarning, Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi sifatida "Mahalla yettiligi" faoliyatiga e’tibor kuchaytirildi.
"Mahalla yettiligi"ga qulay sharoit yaratish maqsadida mahallaning moddiy-texnika ta’minoti xatlovdan o‘tkazilib, 252 tasiga yangi bino qurildi (178 tasi qurilmoqda), 471 tasi ta’mirlandi, 59 tasi rekonstruksiya qilindi, 2 755 tasining moddiy-texnikasi yaxshilandi. 9 452 nafar mahalla raisiga planshet berildi.
"Yettilik" faoliyati uchun "Raqamli mahalla" platformasi joriy etilib, 40 dan ortiq davlat organlari platformalari bilan integratsiya qilindi.
2024 yilning boshida 25 ta yo‘nalish va 401 ta ko‘rsatkich asosida 9 ming 452 ta mahalla, 208 ta tuman (shahar), 14 ta hudud hamda respublika "Balansi" shakllantirildi.

Balans asosida aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha "Yo‘l xarita" va mahalla Ombor kitobi va Bandlik dasturi ishlab chiqildi. 2024 yilda: "Mahalla yettiligi" va banklar hamkorligida 855 ming 183 nafar ishsizlardan 754 ming 623 nafari bandligi ta’minlandi.
Sayxunobod, Zarbdor, G‘ijduvon va Uychi tajribalari asosida 4,7 million xonadonda tomorqadan samarali foydalanish, "Bir mahalla — bir mahsulot" tamoyili asosida 2,8 million xonadonda qo‘shimcha daromad olish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha Kambag‘al oilalarning 10 ming 924 nafar a’zolari doimiy ishga, 33 ming 948 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishiga joylashdi, 32 ming 770 nafar fuqaroning uy-joyi ta’mirlandi, 20 ming 698 nafariga 117 milliard so‘m subsidiya va 78 ming 566 nafariga 252 milliard 442 million so‘m imtiyozli kredit, 75 mingta oilaga 105,8 milliard so‘m moddiy yordam ajratildi.
Amalga oshirilgan ishlar orqali 844 ming 280 ta oila kambag‘allikdan chiqarildi. Kambag‘allik darajasi 2,4 foizga qisqarib, 8,6 foizga tushirildi.
Aholi muammolari bilan ishlash va “yettilik” faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 24 soat ishlaydigan “Call-markaz” faoliyati (1 276 qisqa raqam) tashkil etildi. “Call-markaz”ga va mahalla jami 2,8 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, bugungi kunda murojaatlarning 83 foizi mahallaning o‘zida hal etildi.
Buning hisobiga, ijtimoiy xizmat va yordam so‘rab, xalq qabulxonalari va hokimliklarga murojaatlar 35 foiz kamaydi.
2025 yilda amalga oshirilgan ishlar samarasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2025 yilning 5 — 25 yanvar kunlari mahallalarda xonadonbay yurib, xatlov o‘tkazildi, o‘tkazilgan xatlov natijasida mahallalarni ishsizlik, kambag‘allik, oilaviy ajralishlar, migratsiya va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida 9 ming 452 ta mahalla, 208 ta tuman va shahar, 14 ta hudud, shuningdek, respublika “Ombor daftari”lari shakllantirildi.
“Ombor daftari” da “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, “Sayxunobod”, “Uychi” tajribalarini ommalashtirish orqali aholining daromadlarini ko‘paytirish, “Obod xonadon-obod ko‘cha-obod mahalla” mezonlarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirish nazarda tutildi.
“Ombor daftari”lariga har bir mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar kiritildi.
Tantanali tadbirda ilg‘or mahallalar va ularning faollari taqdirlandi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA