Shu kunlarda yurtimizda milliy qadriyatlarni targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar avjida. Mamlakatimizda biz – aynan o‘zbeklarning an’ana va qadriyatlarini qadrlab, ularning tarixini, maktablari, rivojlanish bosqichlarini ehtimolki bizdan-da ko‘ra yaxshiroq biladigan, o‘rgangan, tahlil va tadqiq etgan va hozirgi kunda O‘zbekistonda, jahon miqyosida faol targ‘ib etayotgan turli millat vakillarining borligi quvonarli, diqqatga sazovordir.
O‘zbekiston xalq rassomi Bobur Ismoilovning Artikulʼ32 san’at galereyasida milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz rivojiga bag‘ishlangan davra suhbatida bunga yana bir karra ishonch hosil qildik. Milliy qadriyatlarimizni ardoqlovchi turli millat vakillaridan iborat hamyurtlarimiz ko‘p ekanidan qalbimiz faxr va iftixorga to‘ldi.
O‘zbek madaniyati, etnografiyasiga qiziquvchi, san’atshunos va hunarmandlar, rassomlarning muloqotini uyushtirib, ularni jipslashtiruvchi, ham tadbirkor, ham san’at sohasining yetuk bilimdoni Natalya Konstantinovna Musina umrini amaliy san’at bilan chambarchas bog‘lagan inson.

Shu bilan birga Samarqand shahrida HAPPY BIRD galereyasini bundan 19 yil oldin ochgan, millati belarus bo‘lsa ham, o‘zbek madaniyatini avval vodiyda targ‘ib qilgan, so‘ng Farg‘ona o‘lkashunoslik muzeyida san’atshunoslik sohasi bo‘yicha ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan Yelena Ladik ham ana shunday milliy san’atimizning fidoyi targ‘ibotchilaridan sanaladi.
Ma’lumki, o‘zbek madaniyati va san’atini dunyoga xorijga targ‘ib etishda muzeylar, balki san’at galereyalarining ham ahamiyati katta.
Yelena Ladikning fikricha, yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar o‘zbek san’ati va madaniyati bilan tanishishi uchun galereya rahbari nafaqat yaxshi ish yurituvchi art-menejer, balki san’at sohasida mukammal bilimga ega shaxs, o‘zi istiqomat qilayotgan yurtdagi xalqning milliy urf-odatlari, an’analari, qadriyatlarini ham hurmat qilishi, ularni o‘rganishi va o‘z hayotiga tatbiq etishi, sevishi shart. Bu xususiy galereya sohibining asosiy fazilati hisoblanadi. Zero, san’atni targ‘ib etish ishiga muhabbatgina ushbu yo‘nalishdagi sohani rivojlantiradi.
Yelena Ladikning Samarqand shahrining Siyob bozori va Registon maydoni oralig‘ida joylashgan HAPPY BIRD galereyasi faoliyat olib borayotganiga o‘n to‘qqiz yil bo‘ldi. Yelenaning fikricha, galereya milliy ashyolarni sotuvchi do‘kon emas, balki ashyo va buyumlarning tarixi, kundalik turmushda tutgan ahamiyati, yaratilish tarixi, buyumning kelib chiqish ildizlari to‘g‘risida ham axborot tashuvchi asosiy manbadir. Buning uchun albatta, buyumdagi bezak va naqshlar tilini o‘qiy olish kerak. Galereya egasi esa bunga to‘g‘ri yo‘nalish bera olishi shart va u ushbu yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lishi zarur.
– Galereyamizga kelgan har bir tashrif buyuruvchiga nainki buyum xaridori sifatida, balki, eng avvalo, aziz mehmon sifatida qarab, unga, albatta, bir finjon asl qahva ichishni taklif etaman, – dedi Yelena Ladik. – Bu galereyamiz taomiliga aylangan. Men uchun muhimi, galereyaga kirgan inson u sayyoh bo‘ladimi yoki o‘zimizning yurtdoshlarimizmi, bu san’at maskanidan ijobiy fikr bilan ortga qaytishlari kerak.

Yana shunisi e’tiborliki, Yelena Ladik Artikulʼ32 galereyasida o‘tkazgan sayyor ko‘rgazmasida yigirmadan ortiq bosma bezak berilgan ko‘p asrlik tarixga ega palak va qirqqa yaqin milliy libos, milliy taqinchoqlar, bosh kiyimlarni namoyish qildi.
Yelena opaning aytishicha, birgina ayollar choponini tikish jarayoniga 5-6 nafar kishi jalb etilar ekan. Chopon matosiga bosma naqsh bosishda samarqandlik matoshunos usta jalb etiladi. Tasmalar urgutlik ayollar, kashta qashqadaryolik kashtado‘z ayollar, qavish ishlari farg‘onalik, namanganlik chevar opa-singillarimiz tomonidan bajarilar ekan. Bu orqali yigirma-o‘ttizga yaqin insonning, muhimi ayol-qizlarning daromad topishiga ham erishilmoqda. Yelena opaning maqsadi – chevar ayol-qizlarni tikish ishlariga hunar darajasida emas, san’at darajasida qarashga yo‘naltirish va bu jihatdan nozik didini yana ham rivojlantirishdan, miqdorga emas, sifatga ishlashga undashdan iborat.

Davra suhbati davomida yana bir inson – san’atshunos olima Natalya Konstantinovna Musina bizga Buxoro zargarlik buyumlarining Qashqadaryo zargarlik buyumlari bilan chalkashtirilishidagi noaniqliklar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Zargarlik buyumining ishlanishi, uning sayqallanishidagi oddiy naqsh, toshlarning o‘rnatilish jihatlarini tushuntirdi.
Anglashilmovchilikning yuzaga kelishida avval Kesh Buxoro muzofotiga qaragani, biroq keyinchalik hududiy bo‘linish orqali Qashqadaryo viloyati tashkil etilgach, bu san’atshunoslik atamalariga ham ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi. Demak, san’atshunoslik nafaqat buyumning ishlanishi va uning kelib chiqish tarixini, balki o‘lkashunoslik tarixini ham chuqur bilishni talab qiladigan sohadir.
Suhbat jarayonida Dubay shahrida bundan o‘n bir yil oldin o‘z galereyasini ochgan Natalya Andakulovaning ham ish faoliyatidagi jarayon bilan tanishdik.
U galereya faoliyatida san’atshunos olima Nigora Ahmedova doim qimmatli maslahat va yo‘nalishlar berayotgani, san’atni targ‘ib etish maskani faqatgina bozorning talab va taklif qonuniga emas, amaliy san’at, san’at va madaniyatdagi yangiliklar, kashfiyotlarni targ‘ib etish va bu jarayonda asosiy lokomotiv vazifasini bajarishini alohida ta’kidladi.
Bugun mamlakatimizdagi har bir san’at galereyalari sohiblari amaliy san’at sohasida yetuk va mukammal bilimga ega. Natalya Musina Sorbonna universitetining (Fransiya) san’atshunoslik yo‘nalishini, Yelena Ladik Sankt-Peterburgdagi san’at badiiy akademiyasining san’atshunoslik yo‘nalishini, Natalya Andakulova Sankt-Peterburgdagi san’at va rassomlik institutini va o‘zimizdagi san’at institutini tugatgan.
Xususiy galereyalarni tashkil etish san’at, art-menejerlik sohasidagi yuksak bilimni talab etadi. Bu san’at, madaniyat, milliy hunarmandchilik, mamlakatning ichki va tashqi turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davra suhbatida san’atshunos olima Nigora Ahmedova, Lyudmila Kodzayeva, san’atshunos-jurnalist Nigora Umarova, gid va bir qancha ko‘rgazmalar kuratori, bo‘lajak san’atshunos Maqsud Asqarov, san’atshunos ustoz jurnalist Boris Babayev, Luiza Mahmudova, Yelena Vetvikova, rassom Shahnoz Abdullayevalar bilan o‘zaro fikr almashdik.
Mamlakatimizda sayyohlikni ravnaq toptirish borasidagi bugungi ezgu intilishlarda milliy an’ana va qadriyatlarimiz, bebaho amaliy san’atimizni asrab-avaylab, keng targ‘ib etayotgan turli millat va elat vakillarining xizmatlari tahsinga sazovordir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri.