Milliy qadriyatlarimizga bag‘ishlandi
Bugun poytaxtimizdagi “Adiblar xiyobonida” Toshkent Tibbiyot akademiyasi tomonidan milliy qadriyatlarimizga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda akademiyaning o‘qituvchi va talabalari, mehmonlar ishtirok etishdi. Mazkur oliygoh rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh. Boymurodov so‘zga chiqib, ayni paytda yurtimizda milliy qadriyatlarimiz o‘zligimizni anglashga, ko‘nglimizda Vatanga, xalqqa nisbatan mehr-muhabbatimizning yanada oshishiga katta yordam berishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar ham qadriyatlarimiz tarixi, ularning mazmun-mohiyati, o‘ziga xosligi borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi.


Shuningdek, madaniy kechada taniqli shoirlardan she’rlar, xonandalarning kuy va qo‘shiqlari tinglandi.
Tadbir so‘ngida Akademiya talabalaridan iborat “Navo-shifo” ansambli ijrosidagi yoshlikka xos kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar, she’riy monologlar, milliy kiyimlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarga a’lo kayfiyat, zavqu shavq bag‘ishladi.



Turob NIYOZ, O‘zA