“Milliy qadriyatlar oyligi” – millat ruhining ko‘zgusi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Milliy qadriyatlar oyligi” o‘tkazilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 25-dekabrda qabul qilgan “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nomoddiy madaniy merosimiz, xususan, maqom va baxshichilik san’atini himoyalash, ilmiy o‘rganish, targ‘ib etish va milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etish bilan bog‘liq faoliyatni yanada takomillashtirish, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Qarorda shuningdek, 2024-yildan boshlab har yili mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayllarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
“Milliy qadriyatlar oyiligi” doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida baxshilar, maqom san’ati ijrochilari ishtirokida konsertlar, xalq o‘yinlari, sayllar, folklor san’ati namoyishlari, ijodiy tanlov va festivallar bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbirlar xalqimizning sevimli bayrami – Navro‘z ayyomiga o‘zgacha shukuh bag‘ishlayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
N.Usmonova, O‘zA