
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Sho‘rchi tumanidagi 44-umumta’lim maktabida “Milliy qadriyatlar oyligi” doirasida “Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva xalqimizning asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlari xususida so‘z yuritib, Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish singari ezgu fazilatlar milliy qadriyatlarimiz asosi ekanligini ta’kidladi.
[gallery-11133]
Tadbirda milliy qadriyatlarimizning eng qadimiy turlaridan hisoblangan egarsozlik anjomlari, do‘mbira, chanqovuz yasash sir-asrorlari, ip yigirish, so‘zana, zardevor, do‘ppi tikish, o‘zbek kashtachiligi, uning bezak-naqshlari va texnik usullarining ko‘pligi va qadimiyligi, ushbu san’at turlarining boy an’analari yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan ijro etilgan milliy raqs, dutorchilar ijrosi va sahna chiqishlari ishtirokchilar kayfiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA