Milliy qadriyatlar – ajdodlar qoldirgan bebaho meros
Yoshlarning milliy qadriyatlardan xabardorlik darajasini oshirish, o‘zbekona an’analar, sharqona odob ruhida tarbiyalash, ajdodlar qoldirgan bebaho merosni asrab-avaylash maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, adabiy-badiiy kechalar hamda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish mamlakatimizda an’ana tusini olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shahrisabz shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Milliy qadriyatlar va vatanparvarlik tarbiyasi” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjuman ham fikrimizga yorqin isbotdir.
Anjumanda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo onlayn ravishda ishtirok etib, tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Unda Qarshi davlat universiteti dotsenti Shahnoza Qahhorovaning “Navro‘z va milliy qadriyatlar”, Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Nabi Xushvaqtovning “Amir Temurning Oltin O‘rda davlatiga harbiy yurish sabablari va natijalari” hamda Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti dotsenti To‘lqin Xudoyqulovning “Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik!” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi. Har bir ma’ruza anjuman ishtirokchilarida yangi va foydali ma’lumotlarni taqdim etganligi bilan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida tasviriy san’at asarlari, milliy liboslar hamda hunarmandchilik namunalaridan ko‘rgazmalar, shuningdek, harbiy-akademik litsey o‘quvchilari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik chiqishlari namoyish etildi.
Lola SAODATOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA