Milliy o‘zlik va tarix bilan yuzma-yuz
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali xodimlari hamda faol va iqtidorli talabalar ishtirokida mazmunli sayohat tashkil etildi.
Tadbirning ilk manzili qadimiy va sirli tarixni o‘z bag‘rida mujassam etgan Chilpiq qal’asi bo‘ldi. Asrlar sukutini saqlab turgan ushbu tarixiy maskan yoshlarni ajdodlar jasorati, boy madaniy merosi va buyuk tamadduni haqida chuqur mushohadaga chorladi. Qal’adagi samimiy suhbatlar, tarixiy ma’lumotlar va taassurotlar yoshlarda milliy o‘zlikka daxldorlik hissini yanada kuchaytirdi.
Shundan so‘ng sayohatchilar Sharq me’morchiligining noyob durdonasi, ochiq osmon ostidagi muzey shahar sifatida dunyoga mashhur Xiva shahri sari yo‘l oldilar. Ko‘hna va navqiron qiyofani o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu tarixiy shahar ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Xivaning qadimiy ko‘chalari, mahobatli minoralari, asrlar nafasi ufurib turgan tarixiy obidalari yoshlarni go‘yo o‘tmish bilan yuzma-yuz uchrashtirdi.
Sayohat davomida talabalar “Arda Xiva” turizm majmuasida ham bo‘lib, milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan muhit bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, milliy kuy-qo‘shiqlar sadolari ostida ijro etilgan raqslar xorijiy sayyohlarning ham katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan muloqotlar davomida mehmonlarga Qoraqalpog‘istonning boy madaniyati, urf-odatlari, milliy san’ati hamda turizm salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Ichki turizmni rivojlantirish, yoshlar orasida milliy kontentni kengaytirish hamda yurtimizning boy tarixiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu sayohat yoshlarning tarixga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish hamda Yangi O‘zbekiston sharoitida ichki turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.