Milliy merosni dunyoga tanitishning yangi imkoniyati
Buxoroning boy hunarmandchilik an’analari, asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlari va xalq amaliy san’ati namunalarini keng targ‘ib etish, ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish maqsadida “Buxoro hunarmandlari” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini oshirish va mahalliy hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar milliy an’analarni nafaqat saqlab qolish, balki ularni zamonaviy imkoniyatlar asosida rivojlantirish, hunarmandlar mehnatini munosib qadrlash va milliy mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur platforma ham ana shu maqsadlarga xizmat qilib, Buxoroning o‘ziga xos hunarmandchilik maktabini keng targ‘ib etish uchun yangi imkoniyat yaratmoqda. U orqali sayyohlar mahalliy ustalar tomonidan mehr va mahorat bilan yaratilgan esdalik buyumlari, kulolchilik, to‘qimachilik, metallga ishlov berish, yog‘och o‘ymakorligi va kashtachilik mahsulotlari bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Platformada hunarmandlarning ustaxonalari, muzey-uylar, mahorat darslari hamda sayyohlik yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarning jamlangani ham e’tiborga molik. Bu sayyohlarga Buxoroning nafaqat tarixiy obidalarini tomosha qilish, balki uning tirik madaniy muhiti, ustalar mahorati va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analari bilan bevosita tanishish imkonini beradi.
Zero, hunarmandchilik — bu shunchaki buyum yaratish emas, balki xalqning tarixi, dunyoqarashi, didi va hayot tarzini o‘zida mujassam etgan noyob merosdir. Har bir naqshda, har bir buyumda Buxoroning boy o‘tmishi, ustalarning tajribasi va milliy san’atga bo‘lgan ehtiromi aks etadi. Shu bois bu merosni targ‘ib qilish madaniy qadriyatlarni asrash bilan birga, hududning turistik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ayniqsa, sayyohlarning hunarmandlar bilan bevosita muloqot qilishi, mahorat darslarida ishtirok etishi va mahsulotlarni ustaxonalarning o‘zida xarid qilishi mahalliy iqtisodiyot uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi. Bu hunarmandlarning mijozlar doirasini kengaytirish, milliy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, oilaviy kasb-korni rivojlantirish va yoshlarni an’anaviy hunarlarga jalb etishga zamin yaratadi.
Eng muhimi, “Buxoro hunarmandlari” platformasi milliy meros va zamonaviy turizmni o‘zaro bog‘lovchi vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali Buxoro hunarmandchiligini kengroq tanitish, ustalar mehnatini qadrlash va asrlar sinovidan o‘tgan milliy san’atimizni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri