Milliy matbuotimizning ikki durdonasi
Farg‘onada “Sadoi Farg‘ona” gazetasining birinchi soni chop etilganining 110-yilligiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining milliy matbuot shakllanishi va jadidchilik harakatidagi o‘rni” mavzusidagi tadbir Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Unda yetakchi olimlar, OAV vakillari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
–“Sadoi Farg‘ona” gazetasi ona tilini rivojlantirishga, uni boshqa tillar ta’siridan saqlab qolishga ko‘plab maqolalar chop etgan, – deydi “Xalq so‘zi” gazetasining bo‘lim mudiri Zokir Xudoyshukurov. – Jadid bobolarimiz xorijiy tillarni o‘rganishni ma’qullagan. Lekin avvalo o‘z ona tilini mukammal bilishi kerak, degan talabni qo‘ygan.


Tadbirda mavzuga oid maqolalar to‘plamining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ma’ruzachilar “Sadoi Farg‘ona” gazetasini 1914-yilda tashkil etgan Obidjon Mahmudov, Ashurali Zoxiriy, Hamza, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning tarixiy xizmatlarini alohida hurmat bilan tilga olishdi.


–So‘ngi yillarda jadidlar g‘oyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nima uchun? Chunki jadidlar hamisha kerak, – deydi filologiya fanlari doktori Halim Saidov. –Jamiyat hamisha rivojlanishda bo‘lishi lozim. U yangilanib turishi kerak. Umuman jadid degani yangilik degani. Yangi g‘oyalar bilan millat ongini rivojlantiruvchi degani. Jadidlar g‘oyasi, sho‘ro davri siyosati va mustaqillik islohotlari, ya’ni uch tizim, uch mafkura minbari bo‘lgan “Farg‘ona haqiqati” gazetasi ham tarixan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Bugun u yangi O‘zbekiston islohotlari targ‘ibotchisiga aylangan.
Anjumanda zamonaviy o‘zbek matbuoti muammolari ham gapirildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3quMy5v26MI" title="Milliy matbuotimizning ikki durdonasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>–Matbuot sohasidagi qonunlar ancha eskirib qoldi. Zamonga moslangan me’yorlarni kiritish vaqti keldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva. – Balki avval qabul qilingan qonunlar asosida axborot kodeksi degan me’yorlar to‘plamini yaratish lozim. OAV to‘g‘risidagi qonun internet jurnalistikasi yo‘q paytlarda qabul qilingan bo‘lib ko‘proq bosma nashr va radio, televideniyega qaratilgan edi. Bugun esa davr ham, odamlar dunyoqarashi ham o‘zgardi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Rahimov umrini matbuotga bag‘ishlagan bir guruh faxriylarga viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda sovg‘alarini topshirdi. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun ham video tabrik yuborgani anjuman ishtirokchilarini ruhlantirib yubordi.
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov