Milliy mahsulot va xizmatlar namoyishi
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida “ICTWEEK Uzbekistan – 2015” an’anaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “ICTExpo – 2015” axborot texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi ochildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida “ICTWEEK Uzbekistan – 2015” an’anaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “ICTExpo – 2015” axborot texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Komputerlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa ko‘plab tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan haftalikdavomida mamlakatimizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berilib, hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimotlari, tanlov va musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmada viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqarma va idoralar, muassasalar, mobil aloqa kompaniyalari, internet-provayderlar, telekommunikatsiya va komputer uskunalari ishlab chiquvchilar hamda yetkazib beruvchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid o‘z xizmat va mahsulotlarini namoyish etdi.
– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari va talabalari tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ko‘plab loyiha va ishlanmalar tayyorlanib, hayotga tatbiq etilmoqda, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali kafedra mudiri Temur Sokiyev. – Bugungi ko‘rgazmada ham o‘ndan ortiq ana shunday dasturiy mahsulotlarni namoyish etmoqdamiz. Xususan, magistrlarimizdan biri yaratgan Samarqandning elektron turistik xaritasida shahardagi mehmonxonalar, tarixiy obida va muqaddas qadamjolar, restoran va milliy choyxonalar, savdo markazlari haqida ma’lumotlar jamlangan. Ushbu dasturning sayt va mobil ilova ko‘rinishlari tayyorlanmoqda. Yana bir talabamiz zamonaviy axborot texnologiyalarini targ‘ib etishga qaratilgan portal tayyorlagan, unda mazkur sohaga qiziquvchi yosh tadqiqotchilar o‘z dasturiy mahsulotlarini joylashtirishi, tengdoshlari bilan o‘zaro tajriba almashishi mumkin.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida jamiyat hayotining barcha jabhalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu borada Samarqand viloyatida ham tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Ayni paytda viloyat hokimligi tomonidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 14 dan ortiq xizmatlar onlayn tarzda ko‘rsatib kelinmoqda. Soliq va statistik hisobotlar to‘liq elektron shaklda topshirilmoqda. Viloyatda internetdan foydalanuvchilar soni 800 mingdan ortiqni tashkil etayotgan bo‘lsa, 1 million 820 mingga yaqin aholi mobil aloqa xizmatlaridan foydalanmoqda. Keng polosali internetdan foydalanuvchilar 34 ming nafardan oshgan. Ayniqsa, ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ko‘lami tobora kengaymoqda.
Haftalik doirasida «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va turizm» mavzusida konferensiya o‘tkaziladi.