Milliy madaniy markazlarga sertifikat topshirildi
5 mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Jamoat fondining davlat grantlari ajratish uchun e’lon qilingan tanlov g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
2020 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi “Millatlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida 13 yo‘nalish bo‘yicha 5-tanlovni e’lon qilgan edi. Tanlov yakunida 37 ta nodavlat notijorat tashkilot g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ular orasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan qozoq, rus, ukrain, turkman, ozarbayjon milliy madaniy markazlari ham bor.
bugungi kunda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni izchil amalga oshirishda, qabul qilinayotgan dasturlar ijrosini ta’minlashda nodavlat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
Tadbirda davlat granti g‘oliblari bo‘lgan milliy madaniy markazlar mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, turli millat vakillarining faolligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ijtimoiy buyurtmasiga asosan o‘tgan yil Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan etnomadaniy infratuzilmani, jumladan, milliy madaniy markazlarni rivojlantirish maqsadida 600 million va 1,45 milliard so‘mlik davlat grantlari ajratilgan edi.
Joriy yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjetdan 60 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu ham NNTlar davlatimizning doimiy e’tiborida ekanidan dalolat.
Tadbirda milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlariga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA