Milliy kutubxonada Ozarbayjon adabiy burchagi ochildi
O‘zbekistonda «Ozarbayjon madaniyati kunlari» doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ozarbayjon adabiy burchagining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov, Ozarbayjon madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Farid Ja’farov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirok etdi.

Shu kunlarda mamlakatimizda Ozarbayjon madaniyati kunlari tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur o‘ziga xos do‘stlik bayrami dasturi bir-biridan qiziqarli va muhim yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan e’tiborlidir.
Ushbu ijodiy loyiha Ozarbayjon madaniyati va san’ati, adabiyoti, milliy an’ana va qadriyatlari bilan yanada kengroq tanishish uchun qulay imkoniyatdir.

Aytish kerakki, qardosh xalqlarimiz bir-biri bilan azaldan bordi-keldi qilib, madaniyatini boyitgan. Qolaversa, bizning dinimiz bir, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va tilimiz o‘xshash. Xalqlarimiz bir-birini tarjimonsiz tushuna oladi.
«Ozarbayjon adabiy burchagi» qardosh xalqning milliy adabiyoti bilan atroflicha tanishish imkoniyatini beradi.
N.Usmonova, O‘zA