Milliy kurashimizni jahon miqyosida ommalashtirish harakatlarini kuchaytirish zarur
Sport orqali millatning qudrati, irodasi va an’analari dunyoga namoyon bo‘ladi. Har qaysi xalqning milliy o‘ziga xosligini keng targ‘ib qilishda uning milliy sport turi, madaniy merosi yoki boy tarixi muhim dasturilamal vazifasini o‘taydi. Shunisi quvonarliki, jonajon yurtimiz bu borada yuqoridagi uch jihat bo‘yicha ham dunyo davlatlari bilan bemalol raqobatlasha oladi.
Bejiz bu haqida so‘z ochmadim. Bilasiz, bugungi kunda jahonda milliy sport turlarining ommalashishi davlatlarning sportga qaratayotgan e’tibori, xalqining jismoniy salohiyatini yuksaltirish bilan bir qatorda millat sifatida o‘zligini dunyoga tanitishga xizmat qilmoqda.
Misol uchun, yaponlarning sumo kurashi, koreyslarning taekvondosi, ruslarning sambo kabi milliy sport turlari xalqaro maydonda e’tirof etilgan. Bu davlatlar o‘z sport turlarini dunyoga tanitish uchun yillar davomida astoydil mehnat qilishdi. Shundan kelib chiqib, biz ham o‘z milliy kurashimizni jahon miqyosida keng targ‘ib qilishimiz, uni xalqaro darajada ommalashtirishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Jismoniy tarbiya oliygohida o‘tgan “Yil e’tirofi – 2024” taqdirlash marosimi doirasida yosh sportchilarimiz bilan bir piyola choy ustida suhbatlashdim. Unda yoshlarimiz milliy belbog‘li kurashni rivojlantirish, uni dunyoda o‘z o‘rniga ega xalqaro darajadagi sport turiga aylantirish bo‘yicha bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surishdi.
Yoshlarimiz belbog‘li kurashning xalqaro nufuzini oshirish uchun, avvalo, uning qoidalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, yirik xalqaro musobaqalar tashkil etish, ushbu sport turini raqamli platforma orqali targ‘ib qilish kerakligini ta’kidlashdi. Shuningdek, yosh avlodni ushbu sportga qiziqtirish uchun maktab va universitetlarda maxsus mashg‘ulotlar ko‘lamini kengaytirish taklifini ham bildirishdi.
Yoshlarimizning milliy kurashimizga bo‘lgan mehri, uni jahonga olib chiqish bo‘yicha jonkuyarlik bilan tashabbuslar bildirishidan, ochig‘i, quvondim. Chunki belbog‘li kurash faqatgina milliy sportimiz emas, balki xalqimizning azaliy qadriyatlari, mardligi, halolligi bilan alohida o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimiz merosidir.
Belbog‘li kurash orqali biz O‘zbekistonning sport sohasidagi qudrati va an’analarini dunyoga tanitishimiz mumkin. Nega deganda, kurash yoshlarimiz uchun nafaqat jismoniy kuchni, balki irodani, sabr-toqatni, intizomni singdiruvchi ulkan maktab hisoblanadi.
Milliy sport turlarini rivojlantirishda partiyamiz bir qator maqsadlarni amalga oshirish g‘oyalarini ilgari suradi.
Milliy sportimiz nufuzini oshirish yo‘lida biz yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va ularning fidoyiligi, jonkuyarligiga tayanamiz.
Robaxon Mahmudova,
“Adolat“ SDP Siyosiy Kengashi raisi.