Milliy koordinatalar tizimi joriy etiladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratovning ma’lum qilishicha, davlatimiz rahbarining joriy yil 20 oktyabrdagi tegishli qarori bilan 2023-2026 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 25 million 169 ming gektar yer uchastkalarini o‘lchash va ularning elektron xaritalari yaratiladi. 8 million 200 mingdan ortiq bino va inshootlarni o‘lchash va ularning elektron bazasi yaratiladi.
9 ming 370 ta mahalla chegaralarini belgilash, 111 ta tumandagi yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish, 1 ming 665 ta ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash kabilar shular jumlasidan.
Qaror bilan, shuningdek, fazoviy ma’lumotlar sohasida qabul qilinadigan standartlar ro‘yxati ham tasdiqlandi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab Kadastr agentligining hududiy bo‘limlari, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining qonuniy faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
Qaror bilan quyidagi ishlarni bajarish belgilandi. Xususan, Geodeziya va kartografiya sohasida qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash ishlarini tashkil etish, 2023-2025 yillarda O‘zbekiston hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish, Davlat koordinatalar tizimidan (SK-42) Butunjahon koordinatalar tizimiga (WGS-84) o‘tish parametrlarini ishlab chiqish belgilandi.
Shu bilan birga, qaror bilan Kadastr agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarning tarkibiy tuzilmasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA