Yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va "Digital Generation Uzbekistan" NNM tomonidan sohaning yetuk mutaxassislari, Qori Niyoziy nomidagi Pedagogik tarbiya instituti professorlari, rassom, dizayner, animator, videograf, suratkash va kontent yaratuvchilar ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Milliy kontent — o‘z-o‘zini ifoda etish, tarqatish, marketing va yoki nashr etish uchun nutq, yozuv yoki har xil san’at turlari kabi biror-bir vosita orqali ifodalanishi kerak bo‘lgan axborot vositasi hisoblanadi. Milliy kontent siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy, ta’limga oid yoki ko‘ngilochar kabi turli mavzularda bo‘lishi mumkin.
Davlatimiz rahbari huzurida maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot yig‘ilishida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratish vazifasi qo‘yilgan edi.
Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va "Digital Generation Uzbekistan" NNM tomonidan tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida sun’iy intellekt yordamida loyihalar ishlab chiqish, an’anaviy va raqamli rassomchilik, animatsiyalar yaratish, media — video va fotolar ustida ishlash hamda ekologiya yo‘nalishlarida malakali mentor va ekspertlar tomonidan darslar tashkil etildi.
Mashg‘ulot jarayonlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi "Renessans" bolalar oromgohida o‘tkazildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – bolalarda milliy qadriyatlarga hurmat va milliy o‘zlikni anglash hissini shakllantirishga qaratilgan milliy media mahsulotlarini yaratishdan iborat.
Tadbir doirasidagi mahorat darslarida "DIP animation", "Lola animation" kabi yirik brendlar vakillari ishtirokida ochiq muloqot tadbirlari ham o‘tkazildi. Shuningdek, Beijing National Day School (Xitoy) ustozlari tomonidan animatsiya yo‘nalishida onlayn mahorat darslari ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, yosh avlod vakillarini turli axborot xurujlaridan himoya qilish, yoshlar qalbida ushbu illatlarga qarshi g‘oyaviy immunitetni kuchaytirish bugungi kunning muhim talablaridan biridir.
Sifatli milliy kontentlarni yaratish, unda umumbashariy va milliy qadriyatlarimizning aks etishi bu yo‘ldagi muhim maqsadlardan biridir.
Shundan kelib chiqqan holda, tashkil etilgan o‘quv trening dasrlarida ishtirokchilar milliy va zamonaviy kontent yaratish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Shu bilan birga soha mutaxassislari ishtirokidagi mahorat darslarida qatnashib, o‘zaro tajriba almashadi.
Mashg‘ulotlarda sohadagi tajribasi va yutuqlariga ko‘ra saralab olingan 150 nafarga yaqin yosh iqtidorlar ishtirok etdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA