Insoniyat ongi, tafakkuri o‘sib borgani sari dunyo tarixida kiyimga bo‘lgan ehtiyoj yuzaga kelgan. Shu bois kiyim taraqqiyotning eng qadim davrlarida paydo bo‘ldi. Kiyimlar inson hayotini bezaydi, estetik zavq bag‘ishlaydi, o‘zligini namoyon etadi va turli tabiiy sharoitlarda hayot kechirishlarida qulaylik tug‘diradi.
Kiyimlardagi o‘ziga xoslik esa millatning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda shakllanishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan hudud muhim o‘rin tutgan. Hududlarning joylashuvi, iqlimi, shart-sharoit va e’tiqodi asosida o‘ziga xos milliy liboslar shakllanib kelgan.
Mintaqamizda ham ana shu kabi xususiyatlar asnosida milliy kiyimlarimiz yaratildi va ko‘p yillik tarixga ega. O‘zbek milliy liboslari xushbichim, yorqin, chiroyli va qulay bo‘lib, xalqimizning boy madaniy an’analari va turmush tarzining bir qismi hisoblanadi.
Erkaklar libosining asosini chopon, to‘n tashkil etib, u belga qiyiq (kichikroq ro‘mol) bilan bog‘lanadi. An’anaviy bosh kiyim sifatida do‘ppi kiyilsa, tanaga asosan paxtali matodan ko‘ylak-shimlar tanlangan. Oyoq kiyim uchun maxsi va charmdan tikilgan etiklardan foydalanilgan.

O‘zbek ayollari kiyimlarida esa adras, atlas va boshqa guldor matolardan keng foydalanilgan. Bayramona kiyimlar oltin yoki kumush rangli kashtalar bilan tikilgan. Bosh kiyimlari do‘ppi, sharf, salla kabilar hisoblanadi. Do‘ppi yosh o‘zbek ayollari va barcha erkaklar uchun birdek ommalashgan bo‘lib, nomi turkiy “tube” — “yuqori, tepa” deb tarjima qilinadi. O‘zbekistonning har bir viloyatida o‘ziga xos do‘ppi bo‘yi va naqshlari bor.
Oltin yoki kumushdan yasalgan zargarlik buyumlari har doim barcha yoshdagi o‘zbek ayollari libosiga qo‘shimcha bo‘lib kelgan. Ilmiy manbalarga qaraganda, kashtado‘zlik naqshlari ham tasodifiy tanlanmay, chizmadan kiyim egasining ijtimoiy mavqei anglashilgan. Misol uchun, ayollar libosidagi ko‘k va binafsha ranglarning keng ifodalangani erining yuqori mavqei haqida gapirsa, yashil rangli naqshlar dehqon va hunarmandlar tomonidan ishlatilgan. Ranglar va naqshlar hashamdorlik, to‘kin hayot, kamtarlik va mehnatkashlik kabi ko‘plab ma’nolarni o‘zida jamlagan.
Demak, milliy liboslar nafaqat millatimiz ko‘rkini, balki ma’naviy mafkuramizni va dunyo tamaddunida tutgan o‘rnimizni ham namoyon etadi. O‘zbek liboslari nafaqat an’anaviy, balki zamonaviy ko‘rinishda ham keng tarqalib, ko‘plab dizaynerlar milliy mato va naqshlarga yangicha sayqal bermoqda. Bu orqali yoshlarimiz orasida milliy an’analarimizning davom etayotgani quvonarlidir. Bugun milliy matolardan tayyorlangan zamonaviy kiyimlar, kamzul va ust-bosh buyumlarini kiygan o‘g‘il-qizlarimizni ko‘plab uchratish mumkin. Zero, milliy liboslar nafaqat tashqi ko‘rinishning go‘zalligi, balki ma’naviy tarbiyaning ham muhim vositasidir.

Milliy kiyimlarni kiyish yoshlar ongida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va tarixga hurmat tuyg‘ularini shakllantiradi. Milliy liboslar orqali yoshlar o‘z ildizlariga, ajdodlarining hayot tarziga va qadriyatlariga yanada yaqinlashadi. Bu esa ularning o‘zini tanishi, madaniy o‘zligini anglash va ma’naviy yetuk shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, milliy kiyimlar odob-axloqni, soddalikni, or-nomusni qadrlashga undaydi. Qizlar orasida adras, atlas kabi matolardan tikilgan liboslar kiyish – ularni xushmuomala, odobli va estetik did, nafislik bilan tarbiyalashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘g‘il bolalar esa milliy kiyimlar orqali mardlik, jasorat, turkiy xalqlarga xos g‘urur va bir so‘zlilik kabi xislatlarni o‘zida mujassamlashtira oladi.
O‘quv muassasalarida milliy kiyim kiyish kunlarining joriy qilinishi esa bu an’anani mustahkamlashga xizmat qilib, yoshlar orasida qadriyatlarimizga nisbatan hurmatni oshirmoqda. Dunyo miqyosida yoshlar ongini turli yot ta’sirlar vositasida egallash, ommaviy madaniyatni singdirish, o‘zga millatlar liboslariga ko‘r-ko‘rona ergashtirish va bu orqali o‘z yo‘liga og‘dirish borasida juda katta g‘oyaviy kurash kechayotgan hozirgi davrda bu juda muhim ahamiyat kasb etadi, yoshlarimiz uchun mustahkam immunitet vazifasini bajaradi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek milliy kiyimlari – bu oddiy matolardan tikilgan, tayyorlangan libos va buyumlar emas, balki tarix, san’at, madaniyat va o‘zlik timsolidir. Ular nafaqat to‘y, ma’raka, marosimlarda, balki kundalik hayotda ham o‘rnini topib borishi lozim. Ularni asrash, avaylash, yangi avlodga yetkazish har birimizning Vatan va millatimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.
Dilfuza JO‘RAEVA,
jurnalist,
O‘zA