Milliy gvardiyada Konstitutsiya bayrami nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni nishonlash nafaqat tarixiy sana, balki ota - bobolarimizning insonparvarlik va adolat yo‘lida bosib o‘tgan ulkan qadamlarini qayta his etish imkoni hamdir. Milliy gvardiya Markaziy devonida Konstitutsiyaning 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir ana shu yuksak qadriyatlar ruhida o‘tdi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi senatori Z.Bekatova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari B.Alimov, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i polkovnik M.Rustambayev, sohaga oid mutasaddi rahbarlar hamda faxriylar ishtirok etdi.

Tadbirning kirish qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi bayrami bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatimizda ushbu bayram "Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!" g‘oyasi asosida keng nishonlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, xalqimizning faol ishtiroki hamda ochiq muhokamalari natijasida qabul qilingan va yangilangan Konstitutsiyamiz, yangi O‘zbekistonning ravnaqi yo‘lidagi turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashdagi muhim o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng, bayram munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan sohaga oid tashkilot vakillari, Milliy gvardiya tizimidagi ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda hamkasblariga namuna bo‘layotgan bir guruh gvardiyachilar “A’lo xizmatlari uchun”, “Milliy gvardiya fidoyi xodimi”, “Namunali xizmatlari uchun” va “Milliy gvardiya ma’naviyat a’lochisi” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir so‘ngida Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Yakunda ishtirokchilar Milliy gvardiya tarixi muzeyiga tashrif buyurib, tarixiy hujjatlar va fotosuratlar, shuningdek, Milliy gvardiyaning turli davrlardagi faoliyatini aks ettiruvchi eksponatlar bilan tanishdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA