Milliy gvardiyachilarga yangi xonadonlar topshirildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasining bir guruh harbiy xizmatchilariga yangi xonadonlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida bir guruh harbiylarning yangi uylarning sohiblari bo‘lgani ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, hamkor vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida 20 nafar harbiy xizmatchi uchun qurib bitkazilgan yangi xonadon kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Harbiy xizmatchilar o‘zlariga yaratib berilgan bunday imkoniyatlar va ijtimoiy himoya, e’tibor va rag‘bat uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari yangi xonadonlarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri