Milliy gvardiya xodimlari jismoniy tayyorgarlikni oshirmoqda (+video)
Prezidentimiz raisligida joriy yil 7-aprel kuni o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, aholi, ayniqsa davlat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida muntazam sport bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, shuningdek viloyat va tuman hokimlari o‘z jamoasiga shaxsiy namuna ko‘rsatishi, xodimlar uchun zarur sharoitlarni yaratishi hamda ularni jismoniy faollikka jalb etishda bevosita mas’ul ekani qat’iy belgilab berildi.
Mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni tomonidan shaxsiy tarkib bilan muntazam jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur mashg‘ulotlar davomida xodimlarning umumiy jismoniy tayyorgarligini oshirish, chidamlilik va tezkorlikni rivojlantirish, jamoaviylik ruhini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, 3 ming metr masofaga yugurish bo‘yicha marafon ham o‘tkazildi.
Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi xizmat intizomini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini kundalik faoliyatning ajralmas qismiga aylantirish hamda harbiy xizmatchilar va xodimlarning ma’naviy-ruhiy holatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NEv8TIjmks4" title="Milliy gvardiya xodimlari jismoniy tayyorgarlikni oshirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA