“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga qizlar qabul qilinadimi?..
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimidagi ta’lim muassasalariga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonlari to‘g‘risida Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davronbek Jumanazarov ma’lumot berdi:
– Milliy gvardiya tasarrufida Jamoat xavfsizligi universiteti, “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyi, shuningdek, respublikamiz bo‘ylab jami 56 maktabda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlarda 4 tadan maktabda harbiy-vatanparvarlik sinflari faoliyat yuritmoqda.
Hozirgi kunda 265 ta harbiy-vatanparvarlik sinflarida 7,5 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda va ularning 1,6 mingdan ortig‘ini qiz bolalar tashkil etadi.
Ushbu sinflarda o‘qish muddati besh yil bo‘lib, 6-sinfni bitirgan o‘quvchilar qabul qilinadi va 7-11 sinflarda tahsil oladi.
Maktablarda tashkil qilingan qabul komissiyalari tomonidan mazkur sinflarga kirish istagini bildirgan nomzodlardan tegishli hujjatlar 1 iyuldan 20 iyul kuniga qadar qabul qilinib, 25 avgust kunigacha belgilangan tartibda jismoniy tayyorgarlik va tegishli fanlar yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi.
Harbiy-vatanparvarlik sinflariga qabul qilish bo‘yicha tanlov teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Tanlovning yakuniy natijalari 25 avgust kuni e’lon qilinadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining 5-sinfiga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-sinfini bitirgan o‘quvchilarni tanlab olish orqali iqtidorli o‘g‘il-qizlar o‘qishga qabul qilinadi. Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi Qabul komissiyasi nomzodlarning hujjatlarini 1 iyundan 20 iyunga qadar qabul qiladi.
Kirish imtihonlari esa 20-30 iyun kunlari davomida o‘tkazilib, unda nomzodlar ona tili, o‘qish, matematika, psixologik sinov va ijodiy imtihonlar topshiradi.
Kirish imtihonlarining yakuniy natijalari akademik litsey qabul komissiyasi tomonidan 5 iyulgacha ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya tarkibida prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.
“Temurbeklar maktabi”da o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, litseyning yillik qabul kvotasi 150 kishini tashkil etadi.
“Temurbeklar maktabi”ga umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktab-internat maktablarining 9-sinfini tamomlagan, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadi.
Prezidentimizning 2023 yil 30 oktyabrdagi qaroriga muvofiq 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga qizlar ham qabul qilinadi.
Nomzodlar uchun dastlabki tanlash ularning arizalari asosida yashash joyi bo‘yicha mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda 1 apreldan 30 aprelga qadar o‘tkaziladi. Unda nomzod to‘g‘risidagi tegishli hujjatlar va uni tavsiflovchi ma’lumotlar to‘planadi.
Harbiy-kasbiy tanlash bosqichida nomzodning yashash joyi bo‘yicha mudofaa ishlari boshqarmalarida 1 maydan 20 iyun kuniga qadar o‘tkaziladi. Unda nomzodning sog‘ligi, savodxonlik darajasi, psixofiziologik xususiyatlari va jismoniy tayyorgarligi baholanib sinovdan o‘tgan nomzodlarning yig‘ma jildlari “Temurbeklar maktabi”ning qabul komissiyasiga yuboriladi.
Test sinovlariga ruxsat etilgan nomzodlarga mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan ma’lumotnoma beriladi. Ma’lumotnoma umumta’lim maktabidan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomani olish uchun asos bo‘ladi.
Test sinovlari bosqichi esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlarini o‘tkazish sanasi, joyi va vaqti o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.
Milliy gvardiyaning Jamoat xavfsizligi universiteti qabul komissiya o‘z faoliyatini 1 fevraldan boshlaydi. Shu kundan jamlovchi idoralar tomonidan universitetning kunduzgi bakalavriat yo‘nalishiga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlardan arizalar (bildirgilar) qabul qilinishi boshlanadi va ushbu jarayon joriy yilning 20 mart kuniga qadar davom etadi.
Universitetga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklining kursantlar safiga o‘qishga kirish istagini bildirgan fuqarolar ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda o‘zlarining yashash joyidagi Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar orqali yoki Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Harbiy xizmatchilar (xodimlar) esa o‘zlari xizmat o‘tayotgan harbiy qism (muassasaga) komandiri (boshlig‘i) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi. Nomzodlar bilan 1 fevraldan 31 martga qadar dastlabki saralab olish tadbirlari tashkil etiladi.
Dastlabki saralab olishdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar test sinovlariga qo‘yiladi. Test sinovlari natijalariga ko‘ra yuqori ball to‘plagan nomzodlar universitet qabul komissiyasining qaroriga asosan o‘qishga qabul qilinadi.
Jamoat xavfsizligi universiteti bakalavriatining (kursantlar safiga) 10 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lib, shundan 8 ta ta’lim yo‘nalishga qiz bola nomzodlar qabul qilinadi.
Bundan tashqari, universitetning magistratura kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 8 ta mutaxassislik mavjud. Unga ko‘ra, 5 ta mutaxassislik ofitser lavozimlardagi harbiy xizmatchi (xodim)lar uchun, 3 ta mutaxassislik bo‘yicha esa umum fuqaroviy asosda o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, universitetga harbiy xizmatchi va xodimlar uchun sirtqi ta’lim shakli ham mavjud bo‘lib, ikkita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi.
Ta’lim shakllari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni Milliy gvardiyaning rasmiy saytidagi fuqarolar uchun bo‘limi orqali olish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA