Vatan himoyachilariga, ayniqsa, o‘z xizmat burchini sidqidildan ado etgan faxriylarga ehtirom ko‘rsatish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faxriylarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar e’tirofga loyiq.
Milliy gvardiya tizimida 2025 yilning birinchi yarim yilligida faxriylar bilan olib borilgan ishlar yuzasidan hisobot yig‘ilishi tashkil etildi. Mazkur tadbir nafaqat faxriylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, balki ularning tajribasini yosh kadrlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi hamda videokonferens-aloqa tarzida hududlardan Milliy gvardiya Faxriylar kengashi a’zolari, ofitserlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Milliy gvardiya tizimida nuroniylar, faxriylar, nafaqadagi harbiylar hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlarning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mard, jasur jangchilarimiz xotiralarini abadiylashtirish, qolaversa, ular orqali yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratib o‘tdi.
Qayd etish lozimki, joriy yilning birinchi yarim yilligida Milliy gvardiya faxriylarini hamda halok bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda mingga yaqin tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, faxriylarga sog‘lomlashtirish maskanlari uchun, halok bo‘lganlarning farzandlariga esa bolalar oromgohlariga imtiyozli yo‘llanmalar topshirilmoqda. Madaniy va tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etilmoqda. Qolaversa, yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashda qahramonlik ko‘rsatib halok bo‘lganlarning xotiralarini abadiylashtirish, yosh avlodni vatanparvar, fidoyi etib tarbiyalash borasida ham bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Faxriylarga g‘amxo‘rlik – jamiyatning ma’naviy burchi. Milliy gvardiyada bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil ishlar faxriylarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning yorqin namunasidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8GKSKslVflc" title="Milliy gvardiya faxriylari e’tibor va ehtirom markazida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA