Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan nainki O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etildi.
Uning rektori, taniqli kompozitor Avaz Mansurov bilan suhbatimiz mazkur oliygoh tomonidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etildi. Ushbu oliy o‘quv yurtining mamlakatimiz madaniy hayotidagi o‘rni va ahamiyati qanday bo‘lmoqda?
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 oktyabrdagi «O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida milliy estrada ijrochilik maktablarini yaratish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatdan samarali foydalangan holda musiqa san’atining ushbu yo‘nalishini jadal rivojlantirish – aynan shu institutning eng asosiy maqsad va vazifalari, deb belgilandi.
Prezidentimiz estrada san’atining hayotimizdagi o‘rni, Botir Zokirov hayot yo‘li va ijodiy merosi ahamiyatini quyidagi so‘zlar bilan ta’rifladilar: «Xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish – asosiy vazifamizdir».
Alohida ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning «Taraqqiyot strategiyasi»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun bugungi kunda kadrlar siyosatiga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Ushbu strategiyaning asosiy omillaridan biri, ta’lim ishlaridir. Ta’limning barcha bosqichlarida, xususan oliy ta’limda tubdan islohotlar qilinayotganini butun dunyo e’tirof etib turgan ayni paytda musiqiy ta’lim reformasi ham yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.
Prezidentimizning 2020 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori hamda 2022 yil 2 fevraldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risidagi»gi qarorida madaniyat va san’at sohasida iste’dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ana shu qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan milliy estrada san’atining asoschilaridan biri, serqirra ijodkor – O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlab «Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilari» respublika ko‘rik-tanlovi e’lon qilindi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezidentning 2023 yil 11 sentyabrdagi tegishli qarori bilan aynan milliy estrada sohasini yanada rivojlantirish, estrada yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan xonandalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dodlarni izlab topish va munosib rag‘batlantirish ham belgilangan bo‘lib, «Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti» ta’sis etildi. Aytib o‘tishim joizki, Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilari uchun tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda 2000 nafardan ziyod iste’dodli yoshlar ishtirok etish istagini bildirdi. Saralanish bosqichlaridan o‘tgan eng iqtidorlilar mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Men uchun eng quvonarlisi, ushbu tanlovlarda 100 ga yaqin bizning institut talabalari ham faol ishtirok etganidir.
– Ma’lumki, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov estrada san’ati yo‘nalishida betakror ijro uslubiga ega edi. Ustoz Botir Zokirov bilan hozirgi estrada san’atini qanday farqlagan bo‘lar edingiz. Avvalgi estrada san’ati ijrochilari uslubi, jumladan, Botir Zokirov ijrosi bilan hozirgilarining uslubini misol tarzida, ism-familiyasi bilan taqqoslab aytib bersangiz.
– Hammaga ma’lumki, Botir Zokirov o‘z san’ati bilan nafaqat yurtimizda, hatto chet ellarda ham dong taratgan. Xususan, Fransiyadagi gastrollarda xonanda noziktab fransuzlarni o‘zbek, rus, arab, eron va hatto fransuz tillarida go‘zal qo‘shiqlar ijro etish bilan maftun etgan. Uning lirik xonandalar toifasiga kiritilishi, jumladan, fransiyaliklar tomonidan o‘z vaqtida «o‘zbek shansonesi» deb atalgani ham bejiz emas. Mutaxassis va uning muxlisi sifatida ta’kidlaymanki, avvalgilarni, shu jumladan, Botir Zokirovni ham bugungi kun xonandalari bilan taqqoslashni nojoiz deb hisoblayman. Chunki, Botir Zokirov betakror! Ko‘rinishini o‘xshatish mumkindir, harakatlarini, kuylashini o‘xshatib takrorlash mumkindir. Lekin ovoz, ko‘z, qalbi, ichki dunyosi, qo‘shiq bilan yashashi – bu mushkul ish! Aynan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutining tashkil etilishidan asosiy maqsad, uning ijro uslubi va yo‘nalishidan andoza olib, o‘zligini namoyon eta oladigan yosh ijodkorlarni yetishtirishdan iboratdir.
– Yaxshi niyatlar bilan estrada san’ati instituti tashkil etilsada, biroq bugun zamonaviy qo‘shiqchilik san’atida nima uchun yengil-yelpi ijrolar, sayoz qo‘shiqlar sira kamaymayapti sizningcha?
– Bilasizmi, «O‘zbekkonsert», O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti va estrada san’atiga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning barchasini ma’lum maqsad va vazifalari, rejalari bor. Bu tashkilotlar ish hajmidan kelib chiqqan holda o‘z faoliyatini olib boraveradi, lekin bizning O‘zbekistonimizda madaniyat, san’at va ijod bilan shug‘ullanishga hammaning haqi bor. Bu masalada ham 2021 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Ya’ni, hamma erkin ijod qilishga haqli. Biz hech kimga qo‘shiq kuylama, ijod qilma, she’r yozma deb taqiq qo‘ya olmaymiz, bu mumkin ham emas. Ijodkorlik – bu erkin yo‘nalish, shunday ekan yoshu keksa yo havaskorlik, yo professionallik nuqtayi nazaridan faoliyat olib borishi mumkin. Ba’zi hollarda shu kabi savollar bilan ommaviy axborot vositalari muxbirlari murojaatlari orqali go‘yoki, shu tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar befarqdek, degan tushuncha bilan fikr bildirishlari noo‘rin, deb o‘ylayman. Madaniyat va san’atga befarq bo‘lmagan bizning soha vakillari, avvalambor, tinglovchi va shinavandalar didini yaxshi asarlar asosida tarbiyalashimiz g‘oyat muhimdir. Bugungi kunda yangi bosqichdagi, yangi zamon – yangi O‘zbekistonning ijodkorlik-yaratuvchilik ishlari amalga oshirilmoqda. O‘zbek milliy estradasi namoyandalarining «ustoz-shogird» ijrochilik maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Albatta, hali yana bosqichma-bosqich bajarilishi lozim bo‘lgan bir talay rejalarimiz bor. Bu boradagi ishlarni muttasil takomillashtirib borish zimmamizdadir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.