Milliy axborot-kutubxona haftaligi chorlaydi
"Infolib O‘zbekiston-2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri - yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan joriy yilning 8-12 noyabr kunlari “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi o‘tkazilishi belgilangan.
Haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi umumiy fondi 7 million 544 ming 721 nusxa nashrni tashkil etmoqda, shundan 6 million 846 ming 922 nusxani bosma nashrlar, 697 ming 799 nusxasini elektron shakldagi adabiyotlar tashkil etadi.
Mamlakatimizda kutubxona sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yildagi qarorida belgilanganidek, aholiga kutubxona xizmatini ko‘rsatish maqsadida yurtimizda 186 ta tuman va shahar kutubxonasi tashkil etilgan. Ko‘plab kutubxonalar qayta rekonstruksiya qilindi, to‘liq ta’mirlandi, ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Quvonarlisi, soha vakillariga ham katta e’tibor qaratilib, ularning faoliyati rag‘batlantirilmoqda, yuksak e’tirof etilmoqda.
Yosh avlodning sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 5 muhim tashabbusni joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu yilgi Milliy axborot-kutubxona haftaligining boshqa haftaliklardan farqi shundaki, uning doirasida ilk marotaba "O‘zbekiston yosh kutubxonachilari: biz birgalikda harakat qilamiz!" shiori ostida Yosh kutubxonachilar forumi bo‘lib o‘tadi.
Forumning maqsadi zamonaviy talablarga javob beradigan muvaffaqiyatli kutubxona-axborot faoliyati uchun zarur bo‘lgan shaxsiy va kasbiy kompetensiyalarni, bilim, tajriba va ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, yosh kutubxona mutaxassislari orasida kasbning obro‘sini oshirish va jamiyatda kutubxonachi va kutubxonalarning ijobiy imijini yaratishdan iboratdir.
Shuningdek, mazkur forum kutubxona ishini tashkil etishda innovatsion loyihalarni sohaga tatbiq qilish uchun yoshlarning kasbiy faolligini rag‘batlantirishni ham ko‘zlaydi.
Forumda ishtirok etish uchun turli tizim va idoralar kutubxonalarining 30 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislari, madaniyat muassasalari va oliy o‘quv yurtlarining axborot-kutubxona mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchilik qilayotgan yosh o‘qituvchilar va aspirantlar, axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va yosh mutaxassislari taklif etiladi.
“Infolib O‘zbekiston-2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - respublikamizda axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga axborot olishning manbai, shakl va metodlarini yetkazish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, yoshlarni intellektual bilimi va saviyasini oshirishga oid tadbirlar orqali ularning kutubxonalarga qiziqishini oshirishdan iboratdir. Shu bilan birga, haftalik soha mutaxassislarini zamonaviy, ilmiy-metodik ishlanmalar bilan tanishtirishni ko‘zlaydi.
Haftalik doirasida jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari o‘tkazish, nashriyotlar ishtirokida kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalarini tashkil etish, mutaxassislarning ma’naviy-madaniy bilimlarini oshirishga doir tadbirlar, mahorat darslari, viktorinalar, taniqli fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar namoyishi rejalashtirilgan.
N.Usmonova, O‘zA